
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTR) BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (YUNEP), Kaspiy dengizining dengiz muhitini muhofaza qilish bo‘yicha Ramkali (Tehron) konvensiyasi Kotibiyati va Turkmaniston Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda «Dengiz chiqindilari va dengiz plastik chiqindilariga qarshi kurash – Kaspiyda tizimli yondashuv» deb nomlangan mintaqaviy loyihaning boshlanishi munosabati bilan taqdimot konferensiyasini o‘tkazdi.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, ilmiy muassasalar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Konferensiya loyihaning Turkmanistonda rasman boshlanganini anglatadi va Kaspiy dengizining dengiz chiqindilari, ayniqsa, plastik chiqindilar bilan ifloslanishining oldini olish va uni kamaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlarni muhokama qilish uchun maydon bo‘ldi.
Konferensiya davomida ishtirokchilarga loyihaning vazifalari va asosiy yo‘nalishlari, jumladan chiqindilarni boshqarish sohasida qonunchilikni takomillashtirish, monitoringni rivojlantirish va ifloslanishning oldini olish, shuningdek, Tehron konvensiyasi doirasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari haqida ma’lumot berildi.
«Mintaqaviy tashabbus dengiz chiqindilarining manbalari va yo‘llari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishni, me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirishni, aylanma iqtisodiyot va mahsulotning hayotiy sikli tamoyillarini ilgari surishni, chiqindilarni boshqarish tizimiga investitsiyalarni rag‘batlantirishni, shuningdek, mahalliy jamoalar, ayollar va tadbirkorlarning ishtirokini kengaytirishni o‘z ichiga olgan kompleks yondashuvni nazarda tutadi», — deb ta’kidladi BMTTRning Turkmanistondagi ekologiya kompleksi dasturiy tahlilchisi Farhat Orunow.
Loyiha Rossiya Federatsiyasining moliyaviy ko‘magi bilan Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston va Turkmanistonda amalga oshirilmoqda va 2027-yilning oktabr oyiga qadar davom etadi.
Loyixa doirasida Kaspiy dengizining dengiz muhitiga ta’sir ko‘rsatadigan quruqlikdagi ifloslanish manbalariga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu tashabbus Kaspiybo‘yi davlatlari tomonidan allaqachon amalga oshirilayotgan choralar bilan uyg‘unlashtiriladi va Tehron konvensiyasi doirasidagi hamkorlik tajribasiga asoslanadi.
Loyihaning boshlanishi Kaspiybo‘yi mamlakatlarining mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga va Kaspiy dengizining noyob ekotizimini kelajak avlodlar uchun saqlab qolish bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘rishga sodiqligini tasdiqlaydi.
Keywords