
Turkmanobod shahridagi 13-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining uslubiy-amaliy mashg‘ulotlari tashkil etildi. Mashg‘ulotlar davomida o‘qituvchilarning turli mavzulardagi chiqishlari tinglandi va tajriba almashildi.
So‘zga chiqqanlardan biri — Turkmanobod shahridagi aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan 39-maktab o‘qituvchisi G‘ulovser Karimova bo‘ldi. U «O‘quv-tarbiyaviy ishlar jarayonida o‘quvchilarda kitob o‘qishga qiziqishni shakllantirish, og‘zaki hisoblash, xotira va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish yo‘llari» mavzusida ta’sirli ma’ruza qildi.
Chiqishida iqtisodiyotning barcha sohalarida bo‘lgani kabi, ta’lim tizimida ham innovatsion texnologiyalarning o‘rni va ta’siri alohida ta’kidlandi. Zamonaviy talablar asosida o‘quv-tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, o‘quvchilarning ijodiy va mantiqiy tafakkurini rivojlantirishga qaratilgan usullar muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Uslubiy-amaliy mashg‘ulotlar davomida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ish tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar, innovatsion o‘qitish usullarini o‘quv jarayoniga joriy etish masalalarini muhokama qildilar. Ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarda kitob o‘qishga qiziqish uyg‘otish, raqamli savodxonlikni rivojlantirish kabi masalalarda fikr almashildi.
O‘tkazilgan tadbir boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining uslubiy darajasini oshirishda, innovatsion tajribalarni joriy etishda va zamonaviy ta’lim-tarbiya ishlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Keywords