
Sayara Jumanazarova, Chorjo‘y tumanidagi 28-o‘rta maktab o‘qituvchisi: Hozirgi ajoyib davrimizda yosh avlodni keng dunyoqarashli, yuksak intellektli qilib tarbiyalashga alohida e’tibor berilmoqda. Bu borada o‘rta maktablarda olib borilayotgan ishlar quvonarlidir va yoshlarimizning dunyoqarashini yanada o‘stirishga xizmat qiladi. Boshlang‘ich sinflar ta’lim olishning ilk bosqichlari shakllanadigan davr bo‘lgani uchun muhim ahamiyatga ega. Shundan ko‘rinib turibdiki, boshlang‘ich sinflarda berilgan bilimlar o‘quvchi dunyoqarashining rivojlanishi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlari va usullari mavjud. Har qanday darsda o‘quvchining diqqatini jalb qilish zarur. Avvalo, o‘quvchining darsga mehr va ixlos bilan yondashishiga erishish lozim. Shuning uchun, dastlab ona tilida o‘qish va yozish haqida tushuncha berib, ilmga muhabbat uyg‘otish kerak. Mavzularni soddalashtirib o‘rgatish yaxshi natija beradi.
O‘quvchilarning hisoblash malakasini oshirishda 2-sinf matematika darslarining o‘rni katta. Bunda turli masala va misollardan foydalaniladi. Xususan, multimedia doskasida turli shakl va suratlarni joylashtirib, ularni sanaymiz. O‘quvchilar suratlar bilan ishlashni yaxshi ko‘radilar, chunki bu ularning qiziqishini orttiradi. Shu sababli, matematika darslarida slaydlar va shakllardan foydalanish o‘qituvchining darsni qiziqarli o‘tishiga yordam beradi.
Darsda misollarni to‘g‘ri yechish usullarini ham o‘rgatamiz. Masalan, darslikdagi quyidagi masalani multimedia doskasida suratlar bilan boyitib tushuntiramiz:
Kirpi, quyon va ayiq birgalikda 47 ta doiracha chizishdi. Agar kirpi 17 ta, quyon 10 ta chizgan bo‘lsa, ayiq nechta doiracha chizgan?
Masalani yechish uchun amallar bajaramiz: 47 dan kirpining 17 tasini ayiramiz va 30 hosil qilamiz. 30 dan esa quyonning 10 tasini ayiramiz. Natijada 20 qoladi. Demak, ayiq 20 ta doiracha chizgan. Buni misol tariqasida ham ko‘rsatish kerak, chunki og‘zaki va yozma hisoblash o‘quvchi zehnini o‘stiradi:
(47 - 17) - 10 = 30 - 10 = 20
Matematika darslarida turli masalalarni yechish o‘quvchilarning intellektual salohiyatini oshiradi va bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytiradi.
Keywords