Xitoyning BYD kompaniyasiga tegishli Fang Cheng Bao brendi yangi Ti 9 gibrid krossoverini rasman sotuvga chiqardi. «CarNewsChina» nashrining xabar berishicha, avtomobil uchta komplektatsiyada taklif etiladi va uning boshlang‘ich narxi 279,9 ming yuanni tashkil qiladi.

Yangi modelning asosiy o‘ziga xos jihati — atigi 10 soniya ichida yig‘ilib, oldingi boshqaruv paneli ichiga yashiriladigan rul tizimidir. Bu funksiyadan faqat avtomobil to‘xtab turganida foydalanish mumkin. Rul yig‘ilgach, haydovchining oldida dam olish uchun qo‘shimcha joy hosil bo‘ladi. Masalan, haydovchi avtomobil quvvatlanishini kutayotgan paytda ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

«Electrek» nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘iladigan rul 329,9 ming yuanlik komplektatsiyada taqdim etiladi. Ushbu versiyada haydovchi o‘rindig‘ini ham 165 darajagacha orqaga yotqizish mumkin.

Ti 9 modeli DMS Super Hybrid All-Round platformasi asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, 1,5 litrli turbo dvigatel va ikkita elektr motor bilan jihozlangan. Kuch qurilmasining umumiy quvvati 400 kVtga (536 ot kuchiga) yetadi. Avtomobil soatiga 100 kilometr tezlikka 4,8 soniyada erishadi.

Elektr motorlari 66,48 kVt·soat sig‘imli LFP Blade 2.0 akkumulyatoridan quvvat oladi. Xitoyning CLTC o‘lchov standarti bo‘yicha, krossover faqat elektr energiyasi yordamida 400 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi. Yoqilg‘i baki to‘ldirilgan va akkumulyator quvvatlangan holatda esa umumiy yurish masofasi 1630 kilometrga yetadi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, akkumulyator quvvatini 10 foizdan 97 foizgacha to‘ldirish uchun atigi to‘qqiz daqiqa kifoya qiladi.