Hindiston poytaxti Dehli shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash va havoning ifloslanishini kamaytirish maqsadida elektr transport vositalaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan yangi siyosat amalga oshirilmoqda.
2026-yilning 1-iyulidan kuchga kirgan yangi dasturga muvofiq, shaharda ro‘yxatga olinadigan yangi transport vositalarining asosiy qismini elektr energiyasida ishlaydigan transportlar tashkil etishi lozim. Qiymati 1,5 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan ushbu loyiha Hindistonda elektromobillar sohasida amalga oshirilayotgan eng yirik tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Dastur doirasida elektr transport vositalarini sotib olayotgan fuqarolarga davlat tomonidan subsidiyalar va turli imtiyozlar beriladi. Shuningdek, benzin bilan ishlaydigan eski mashinalarini topshirayotganlar uchun pul mukofotlari ko‘zda tutilgan.
Yangi siyosat, birinchi navbatda, shahardagi transport vositalarining taxminan 70 foizini tashkil etuvchi ikki g‘ildirakli va uch g‘ildirakli transportlarga qaratilgandir. Hujjatga ko‘ra, 2027-yildan boshlab ro‘yxatga olinadigan barcha yangi uch g‘ildirakli transportlar va kichik yuk avtomobillari, 2028-yildan boshlab esa ikki g‘ildirakli transportlar faqat elektr energiyasida ishlaydigan turda bo‘lishi shart.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu tashabbus avtomobil ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilar uchun ekologik toza transport vositalariga o‘tishni tezlashtirishga yordam beradi.
Hozirgi vaqtda Dehli shahrida ro‘yxatga olingan 8,7 million transport vositasining taxminan 5 foizini elektr transportlari tashkil etadi. Shunga qaramay, so‘nggi yillarda ularning soni muntazam ravishda oshib bormoqda.
Shu bilan birga, shahar hokimiyati elektr transport vositalari uchun quvvatlantirish stansiyalari sonini ko‘paytirish va tegishli infratuzilma tizimini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.