Banan dunyoda eng ko‘p iste’mol qilinadigan mevalardan biridir. Tropik mintaqalarda o‘sadigan ushbu mevaning 1000 dan ortiq turi ma’lum bo‘lib, ularning qariyb 500 tasi oziq-ovqat sifatida iste’mol qilishga yaroqli hisoblanadi. Banan turlari taxminan 50 ta yirik guruhga ajratiladi.

Ushbu meva, asosan, Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Braziliya, Ekvador, Filippin va Angolada yetishtiriladi. Kavendish, qizil banan, yashil banan yoki muzqaymoq banani, plantainlar hamda kichik bananlar (Lady Finger) dunyoda keng tanilgan navlar qatoriga kiradi.

Kavendish. Bananlarning eng keng tarqalgan turi Kavendish bo‘lib, jahon miqyosida yetishtiriladigan bananlarning umumiy hajmining taxminan 99 foizini tashkil etadi. Ko‘pchilikka «oddiy banan» nomi bilan tanish bo‘lgan ushbu nav 1950-yillardan boshlab tijorat maqsadlarida keng miqyosda yetishtirila boshlangan.

Kavendish bananini yangi uzilgan holda iste’mol qilish bilan birga, uni yog‘da qovurish yoki blenderda maydalash mumkin. Shuningdek, undan non va qandolat mahsulotlarini tayyorlashda hamda turli kokteyllarga qo‘shimcha sifatida foydalaniladi.

Ushbu nav uzoq masofalarga tashishga qulay bo‘lgani sababli, odatda hali pishmagan, yashil holatida terib olinadi. To‘liq pishgan Kavendish bananining eti ham, po‘stlog‘i ham sariq rangga kiradi. Haddan tashqari pishib ketganida esa po‘stlog‘ida to‘q jigarrang dog‘lar paydo bo‘ladi.