Kardiff universiteti va Uels muzeyi mutaxassislari 1583-yilda cho‘kib ketgan savdo kemasidan topilgan sandiqning jez qulfini ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda «uza.uz» nashri universitetning rasmiy saytiga tayanib xabar bermoqda.
Qulfning raqamli kodi to‘rt harfdan iborat: ANCE. Olim Devid Uilyams qulf ichki mexanizmining uch o‘lchamli modelini yaratib, uning aylana shaklidagi qismlaridagi belgilarni tegishli teshiklar bilan moslashtirish orqali qulfni ochish usulini aniqladi.
Sandiq 1583-yil 28-dekabr kuni kechqurun Ispaniya tomon suzib ketayotib halokatga uchragan «Ann Francis» nomli savdo kemasining qoldiqlaridan topilgan. Dastlab bu qulf qimmatbaho buyumlar saqlanadigan kichik sandiqni yopib turgan, deb taxmin qilingan. Chunki topilma yaqinidan kumush ispan tangalari va tortish uchun ishlatiladigan mayda toshlar ham topilgan.
Tarixiy topilma Suonsidagi Milliy muzeyda «Tides of Treasure» nomli ko‘rgazmada namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma 2027-yil sentabr oyigacha davom etadi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.