Janubiy afrikalik yozuvchi Koral Hart sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish orqali qisqa vaqt ichida katta adabiy va tijoriy muvaffaqiyatlarga erishdi. U so‘nggi 20 oy davomida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda 371 ta kitob nashr etdi va bir million AQSH dollaridan ortiq daromad topdi.

Muallif asarlarining umumiy sotuv hajmi bir million nusxadan oshdi. Nashr etilgan kitoblaridan biri esa xalqaro «Amazon» savdo platformasidagi eng ko‘p sotilgan 100 ta asar ro‘yxatiga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Adabiyot va nashriyot sohasida 14 yillik tajribaga ega Koral Hart 2025-yil fevral oyidan boshlab sun’iy intellekt texnologiyalarini faol o‘rganishga kirishgan. U ushbu yo‘nalishda to‘plagan bilim va tajribasi asosida to‘liq hajmdagi romanlarni yaratishga imkon beruvchi o‘ziga xos ish tizimini ham ishlab chiqqan.

Yozuvchining ta’kidlashicha, yangi asarning asosiy mazmuni, adabiy uslubi, qahramonlarning xarakterlari va boblar tuzilishini dastlab uning o‘zi belgilaydi. Shundan so‘ng sun’iy intellekt tizimlari tayyorlangan reja asosida romanning to‘liq matnini yaratadi. Bu jarayon taxminan 45 daqiqa vaqt oladi.

Koral Hart erishgan natijalar bugungi kunda sun’iy intellektdan ijodiy faoliyat va nashriyot sohasida foydalanish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, ushbu tajriba yangi texnologiyalarning adabiy asarlarni yaratish, nashr etish va kitobxonlarga yetkazish jarayonlariga ta’sirini yaqqol namoyon etadi.