
Muzey — bu har qanday xalqning tarixi, an’analari va milliy madaniyati bilan tanishishga imkon beradigan noyob boyliklar saqlanadigan joydir. So‘nggi yillarda rivojlangan shaharlarda arxitektura va texnologik yutuqlarni uyg‘unlashtirgan mehmonxonalar, dam olish maskanlari va aeroportlar qurilmoqda. Shular qatorida zamonaviy muzeylarni ham kiritish mumkin.
Milwaukee Art Museum, AQSh. Miçigan ko‘lining qirg‘og‘ida joylashgan ushbu muzeyda 25 000 ta san’at asari saqlanadi. AQShdagi eng yirik muzeylardan biri bo‘lib, u uch alohida binodan iborat. Oxirgi binosi 2001 yilda qurilgan (birinchi 1957, ikkinchi 1975) va “Quadracci Pavilion” deb ataladi. Zamonaviy loyiha ispan arxitektori Santiago Calatrava tomonidan ishlangan. Shisha pavilonning tomida 66 metr uzunlikdagi ochiluvchi qanotlar mavjud, shamol tezligini o‘lchaydigan sensorlar o‘rnatilgan. Avtomatlashtirilgan tizim ob-havo sharoitiga qarab qanotlarni ochib-yopadi.
Museo Soumaya, Meksika. Mehiko shahridagi mashhur bino go‘zal tashqi ko‘rinishi va tungi yoritilishi bilan diqqatni tortadi. Muzey ikki binodan iborat bo‘lib, asosiy binosi Plaza Carso’da joylashgan.
46 metr balandlikdagi 6 qavatli binoda 16 000 oltiburchakli plitkalar mavjud. Mashhur arxitektor Fernando Romero loyihada suvdan ilhom olgan. Muzeyda 66 000 dan ortiq san’at asarlari, jumladan haykallar va klassik rasmlar mavjud.
Kelajak muzeyi, BAA. Zamonaviy arxitektura loyihalari orasida eng murakkablaridan biri Dubayda joylashgan. Sun’iy orolda qurilgan binoning tashqi ko‘rinishi halqaga o‘xshash.
Qurilish 2018 yilda boshlangan va 2022 yilda foydalanishga topshirilgan. Dubaydagi eng hayratlanarli inshootlardan biri bo‘lgan Kelajak muzeyi 7 qavatdan iborat bo‘lib, unda ko‘rgazmalar, texnologik yangiliklar namoyishlari va ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi.
Keywords