
Dunyoda 100 dan ortiq avtomobil kompaniyalari mavjud bo‘lib, ulardan 14–15 tasi mashhur avtomobillari bilan ajralib turadi. Jahon avtomobil bozorida «Toyota», «Volkswagen», «Hyundai» va «General Motors» kabi kompaniyalar yetakchilik qilmoqda. «Toyota» dunyoda eng ko‘p modelga (avtomobil turi) ega kompaniya hisoblanadi. Yapon avtokonsernining «Land Cruiser» (1951), «Crown» (1955), «Corolla» (1966), «Century» (1967), «Mark» (1968), «Hilux» (1968), «Carina» (1970), «Camry» (1982), «Land Cruiser Prado» (1984), «Avalon» (1994), «RAV4» (1994), «Sienna» (1997), «Venza» (1997), «Prius» (1997), «Vitz» (1998), «Highlander» (2000), «Yaris» (2002), «Aurion» (2006), «Aqua» (2011), «Mirai» (2014), «Starlet» (2019), «Frontlander» (2021), «Allion» (2021) kabi 50 dan ortiq turli modellari bor.
«Lexus», «Daihatsu» va «Hino» kabi brendlar birlashmasi bo‘lgan «Toyota» 1937-yilda Ayti shahrida Kiitiro Toyoda tomonidan asos solingan. 1936-yilda «Toyota»ning birinchi ko‘rinishi bo‘lgan «Model AA» ishlab chiqilgandan so‘ng, unga nom berish bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Kelib tushgan 27 mingta taklif orasidan «Toyoda» so‘zining o‘zgartirilgan shakli bo‘lgan «Toyota» tanlanadi. Yaponlarda quloqqa yoqimli eshitiladigan «Toyota» so‘zini 8 marta takrorlasangiz, boy bo‘lasiz degan ishonch ham bor. Dastlab yapon katakanasi bilan yozilgan kompaniya nomi 1950-yilda xalqaro darajada tanilgach, inglizcha bosh harflar bilan «TOYOTA» deb yozila boshlandi. Dunyoning eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan ushbu kompaniyaning logotipi 1990-yilda ishlab chiqilgan. Kattaroq ellips ichida ikkita kesishgan ellips joylashgan ushbu logotip ishlab chiqaruvchi va mijozlar o‘rtasidagi mustahkam aloqa va ishonchni anglatadi.
«Toyota» sedan, xetchbek, SUV va yo‘ltanlamas kabi turli xil avtomobillarni ishlab chiqaradi. Avtomobil ishqibozlarining eng sevimli brendi «Toyota»ning lyuks modeli bo‘lgan «Lexus» hisoblanadi. 1989-yilda yaratilgan ushbu yapon brendi ishonchliligi, qulayligi, mustahkamligi va ilg‘or texnologiyalari bilan boshqa avtomobillardan ajralib turadi. Dunyoning 90 dan ortiq mamlakatida sotiladigan ushbu hashamatli avtomobilning birinchi modeli «LS 400» bo‘lib, u ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan. «Lexus» ishlab chiqarilishi sedandan boshlangan bo‘lsa-da, hozirgi vaqtda kupe, krossover va yo‘ltanlamas variantlari ham mavjud.
Ko‘pchilikning mehrini qozongan yapon brendining eng ko‘p sotilgan modeli «Corolla» hisoblanadi. «Kichik toj» degan ma’noni anglatuvchi «Corolla» modeli 1966-yilda ommaga taqdim etilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kungacha ushbu modeldan 50 milliondan ortiq sotilgan. Ushbu muvaffaqiyat kompaniyaning «Corolla» modeliga sarflagan tinimsiz mehnatining natijasidir. Tejamkorligi, qulayligi va hashamati bilan ajralib turadigan «Corolla» bozordagi eng mashhur avtomobillardan biridir. «Toyota»ning 1997-yilda taqdim etilgan «Prius» modeli elektromobillar tarixida katta yutuq hisoblanadi. Shundan so‘ng elektromobillar soni ortib, deyarli barcha kompaniyalar gibrid va elektr transport vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslasha boshladilar. Yapon brendining eng kamyob modeli «Toyota Century Convertible» bo‘lib, yapon imperatorligi uchun atigi 4 dona ishlab chiqarilgan. Ommaviy ishlab chiqarilgan eng noyob turi esa «Toyota 2000GT» bo‘lib, undan bor-yo‘g‘i 337 dona mavjud. Konsernning eng kichik avtomobili «Toyota Aygo X» (uzunligi 3,7 m), eng kattasi esa «Toyota Sequoia» (uzunligi 5,2 m) hisoblanadi. Dunyoda avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha «Volkswagen Group» ikkinchi o‘rinni egallaydi.
Keywords