Fransiya futbol federatsiyasi prezidenti Filipp Diallo Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) tomonidan Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidentligi uchun bo‘lib o‘tadigan saylovlarda nomzod sifatida ilgari surildi. Bu haqda UEFA matbuot xizmati xabar berdi.

FIFA prezidentini saylash bo‘yicha navbatdagi saylovlar 2027-yil mart oyida Marokashda bo‘lib o‘tadi. Amaldagi prezident Janni Infantino ham yangi muddatga nomzodini qo‘yish niyatida ekanini avvalroq bildirgan edi. U 2016-yil fevral oyida o‘tkazilgan navbatdan tashqari kongressda FIFA prezidenti etib saylangan, keyinchalik esa raqib nomzodlarsiz yana ikki marta ushbu lavozimga qayta saylangan.

UEFA ma’lumotlariga ko‘ra, tashkilot Ijroiya qo‘mitasida vakillik qiluvchi milliy futbol assotsiatsiyalari Filipp Dialloning nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan. Ular FIFAning amaldagi rahbariyati bilan bog‘liq xavotirlarni inobatga olib, jahon futbol hamjamiyatida birdamlik va ishonchni tiklash zarurligini ta’kidlaganlar. Filipp Diallo ham saylovlarda ishtirok etish taklifini qabul qilgan.

63 yoshli Filipp Diallo 2021-yil mart oyida Fransiya futbol federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zoligiga saylangan. Shu yilning dekabr oyida vitse-prezident o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 2023-yil fevral oyida federatsiya prezidenti bo‘lgan, o‘sha yilning aprel oyida esa UEFA Ijroiya qo‘mitasi tarkibiga kirgan.

Diallo 1992–2021-yillar davomida Fransiya professional futbol klublari uyushmasi direktori lavozimida ishlagan. Shuningdek, u Fransiya Professional futbol ligasi boshqaruv kengashi a’zosi bo‘lgan va FIFAning nizolarni hal etish organida faoliyat yuritgan.

FIFA prezidentligi uchun nomzodlar o‘rtasidagi raqobatning kuchayishiga tashkilot rahbariyati bilan bog‘liq so‘nggi bahs-munozaralar ham ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, joriy yilning iyul oyida Janni Infantinoning FIFAning erkaklar va ayollar o‘rtasidagi asosiy musobaqalarini boshqaradigan «FIFA Forward Enterprise» nomli kompaniyani tashkil etish tashabbusi ma’lum bo‘ldi. Ushbu loyiha a’zo assotsiatsiyalar daromadlarini oshirish va butun dunyoda futbol rivojiga ko‘maklashishga qaratilgani aytilgan edi.

FIFA vakillari mazkur tashabbus 4,2 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilishi mumkinligini ma’lum qildilar. Biroq bu taklif futbol federatsiyalari va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan keng tanqidga uchradi. UEFA, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi futbol konfederatsiyasi (CONCACAF), Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) va Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (CONMEBOL) ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi.

Shuningdek, UEFA FIFA homiyligida o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etmaslik ehtimolini ham ilgari surdi. Janni Infantino kompaniya tashkil etish rejasidan voz kechganini e’lon qilganidan keyin ham UEFA FIFA prezidentiga bo‘lgan ishonch yo‘qolganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Afrika futbol konfederatsiyasi, Argentina futbol assotsiatsiyasi va yana bir qator milliy federatsiyalar Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.