Futbol bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlarida Yaponiya milliy terma jamoasi Braziliyani, Urugvay terma jamoasi esa Argentinani mag‘lub etdi. Bu haqda «Turkmenportal» nashri xabar beradi.

Singapurda bo‘lib o‘tgan Yaponiya va Braziliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 3:2 hisobida yaponiyaliklar foydasiga yakunlandi. Yaponiya safida Takefusa Kubo 15-daqiqada, Keyto Nakamura 19-daqiqada, Tasuhiro Sakamoto esa 90+1-daqiqada gol urdi. Braziliya terma jamoasining ikkala goliga ham «Real» klubi hujumchisi Vinisius Junior mualliflik qildi. U 33- va 75-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Shu tariqa, futbolchi beshta uchrashuvdan buyon davom etayotgan golsiz seriyasiga barham berdi.

Buenos-Ayres shahrida bo‘lib o‘tgan Argentina va Urugvay terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda mehmonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvning 48-daqiqasida argentinalik himoyachi Leonardo Balerdi to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. 53-daqiqada Maksimiliano Araujo Urugvay terma jamoasining ustunligini ikki to‘pga yetkazdi. Argentinaning yagona golini 73-daqiqada Xulian Alvares kiritdi.