
Dor yoʻli (kanat) qurilishi uchun moʻljallangan, ogʻirligi 80 tonna boʻlgan maxsus kabel yuki Fransiyadan Turkmaniston hududi orqali tranzit tarzda oʻtib, Oʻzbekistonga yetib keldi.
Kompaniyaning Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha loyiha rahbari Aleksandra Ogneva oʻzining ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida xabar berishicha, yuk Set (Fransiya) portidan yoʻlga chiqib, Oʻrta koridor orqali Istanbul, soʻngra Alyat (Ozarbayjon) va Turkmanboshi shaharlaridan oʻtgan. Shuningdek, ushbu maxsus yuk Turkmanistonning choʻl hududlari orqali oʻtib, yakunda Toshkent shahriga yetib bordi.
Ognevaning taʼkidlashicha, bunday loyihalar Oʻrta koridor butun mintaqa uchun ishonchli logistika tayanchiga aylanib borayotganini yaqqol koʻrsatmoqda.
Xalqaro Transkaspiy transport yoʻnalishi (Oʻrta koridor) Xitoy, Qozogʻiston, Kaspiy dengizi akvatoriyasi, Ozarbayjon va Gruziya orqali oʻtib, Yevropa va Osiyo mamlakatlarini bogʻlaydi. Bu yoʻnalish temir yoʻl va dengiz transporti orqali konteyner yuklarini tashish uchun foydalaniladi.
Keywords