
Bahor fasli kelishi bilan qishloq xo‘jaligi xodimlarining tashvishlari yanada ortib, agrotexnik tadbirlar sur’ati jadal kuchaymoqda. Hozirgi vaqtda mamlakatimiz g‘allakorlari g‘alla maydonlariga talab darajasida qarov ko‘rsatish bo‘yicha samarali ishlarni olib bormoqdalar. Viloyatimiz bo‘yicha 130 ming gektar maydonga bug‘doyning sinovdan o‘tgan navlari ekilgan bo‘lib, barakali hosil kutilmoqda.
Chorjo‘y tumanidagi «Vatan» dehqon birlashmasi butun mamlakatda peshqadamlar qatorida tanilgan. Shu kunlarda xo‘jalikda g‘o‘za ekishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bir qatorda, g‘alla maydonlariga ishlov berish, mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va sug‘orish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
— Birlashmamiz bo‘yicha 1272 gektar maydonda bug‘doyning yuqori hosil beruvchi «Alekseyich» va «Bezostaya-100» navlari ekildi. Shundan 600 gektarda urug‘lik bug‘doy olish rejalashtirilgan. O‘tgan yili davlatga 4300 tonna hosil topshirdik, paxtadan ham shartnoma majburiyatimizni 108 foizga bajardik, — deydi birlashma agronomi Shatlik Jumayev.
Birlashmaning 5-ijrachilar guruhi ko‘p yillardan beri tuman bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarni egallab kelmoqda. Hozirgi kunda ekinlarni mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, zararkunanda va begona o‘tlarga qarshi kurash choralari ko‘rilmoqda.
— Guruhimizda 32 nafar ijarachi bor. O‘tgan yili 71 gektar maydondan 285 tonna g‘alla yig‘ib oldik. Nasib bo‘lsa, Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi nishonlanadigan joriy yilda 350 tonna hosil olishni maqsad qilganmiz, — deydi guruh rahbari Xudoyberdi Orunov.
Ijarachi Ikrom Kurbanovning mehnatlari ham tahsinga loyiq. 2008-yildan beri oilasi bilan dehqonchilik qilayotgan Ikrom o‘tgan yili har gektardan 50 sentnerdan hosil olgan bo‘lsa, bu yil 55 sentnerdan oshirishni mo‘ljallamoqda. Shuningdek, uning oilasi ipakchilikda ham faol bo‘lib, o‘tgan mavsumda 150 kg pilla topshirdi.
Keywords