Germaniya Federativ Respublikasining Turkmanistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Petra Dahtler Lebap viloyatiga tashrif buyurdi. Bu uning elchi lavozimiga kirishganidan so‘ng mamlakat hududlariga amalga oshirgan ilk safari bo‘ldi. Bu haqda Germaniya diplomatik vakolatxonasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalariga tayanib, lebap.biz sayti xabar bermoqda.
Tashrif davomida elchi Lebap viloyati hokimi bilan uchrashdi. Shuningdek, Turkmanobod shahridagi «Vecherniy Turkmenabat» orkestrining repetitsiyasida qatnashib, uning dirijyori Atageldi Roziyev bilan suhbatlashdi.
Petra Dahtler 27-sonli ixtisoslashtirilgan o‘rta maktabga ham bordi. «PASCH — Maktablar: kelajak hamkorlari» tashabbusida ishtirok etuvchi ushbu ta’lim muassasasida nemis tilini o‘qitishga alohida e’tibor qaratiladi. Elchi maktab rahbariyati va o‘qituvchilari bilan uchrashib, o‘quvchilar bilan fikr almashdi.
Uchrashuvda ayrim o‘quvchilar stipendiya dasturlari doirasida Germaniyada tahsil olgani qayd etildi. Diplomat yoshlarga o‘zining kasbiy faoliyati haqida so‘zlab berdi va ularning savollariga javob qaytardi. U o‘quvchilarning nemis tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi va faolligini yuqori baholab, o‘qituvchilarga olib borayotgan ishlari uchun minnatdorlik bildirdi.
Tashrif doirasida elchi Seyitnazar Seydi nomidagi Turkman davlat pedagogika institutiga hamda «Täze Zaman» jamoat tashkilotiga borib, ularning vakillari bilan uchrashdi.
Lebap viloyatidagi safari yakunlangach, Petra Dahtler Mari viloyatiga yo‘l oldi.










Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.