Turkmanistonda Betaraflik kuni va Yangi yil bayramlari munosabati bilan tashkil etiladigan bayram savdosi 5-dekabr kuni boshlanadi. Bu haqda Turkmaniston Davlat axborot agentligi (TDH) xabar bermoqda.

Mazkur masala juma kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi majlisida muhokama qilindi. Savdo majmuasining bayramlarga tayyorgarligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Nokerguli Ataguliev hisobot berdi.

Uning ta’kidlashicha, bayram savdosi viloyatlar, Ashxobod va Arkadag shaharlaridagi savdo markazlari, bozorlar hamda do‘konlarda tashkil etiladi. Bundan tashqari, ko‘chma savdo shoxobchalari faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi. Tegishli taklif davlat rahbarining ko‘rib chiqishi uchun taqdim etildi.

Hisobotni tinglagan Prezident Serdar Berdimuhamedov bayram kunlari bozorlarda ko‘chma savdo shoxobchalari faoliyatini tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, turli xil sovg‘a va esdalik mahsulotlari bilan ta’minlash masalasi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.