
Kofe butun dunyoda mashhur bo‘lgan ichimliklardan biridir. Bu xushbo‘y ichimlik muvaffaqiyat va faollik ramzi bo‘lish bilan birga, sog‘liqni mustahkamlashga hamda uzoq umr ko‘rishga yordam beradi. So‘nggi yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda kofe ichishning umr davomiyligiga ta’sir qilishi aniqlandi. Har kuni 2–4 finjon kofe ichish yurak-qon tomir tizimida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olishga yordam beradi. Muntazam kofe ichuvchilarda ichmaydiganlarga qaraganda yurak-qon tomir xavfi 10–15 foizga pastligi aniqlangan. Kofe yurak sog‘ligini saqlash bilan bir qatorda, qandli diabet xavfining oldini olishga va yosh bilan bog‘liq DNKni himoya qilishga yordam beradi. Kofe miya uchun eng foydali ichimliklardan biridir. Xotirani yaxshilaydigan, hushyorlikni oshiradigan va kayfiyatni ko‘taradigan kofe jigar kasalliklari rivojlanishining ham oldini oladi. Ushbu achchiq ichimlik saraton xavfini kamaytiradi, modda almashinuvini tezlashtiradi va semirishning oldini oladi.
Kofe haqida
Kofe aslida meva bo‘lib, kichik gilosga o‘xshaydi. Achchiq ta’mli bu meva birdaniga pishmaydi. Yashil donalari qizg‘ish rangga kirganda, kofe hosili yig‘ib olinadi. Pishganlarini daraxtdan saralab terish kerak. Kofening vatani Efiopiya hisoblanadi, u yerda kofening 200 dan ortiq turi yetishtiriladi. Dastlab kofe donalari chaynalgan bo‘lsa, XV asrda quritilgan kofe donalari maydalanib, issiq suvga aralashtirilgan holda iste’mol qilina boshlandi. Kofe donalarini tuyib, issiq ichimlikka aylantirish usulini shimoliy afrikaliklar o‘ylab topganlar. Shunday qilib, maydalangan kofe savdosi boshlanib, Efiopiyadan Misr va Onado‘liga, so‘ngra Yevropa mamlakatlariga tarqaldi. Kofe arabcha «kahwah» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, Sharq mamlakatlarida «kofe», Yevropa davlatlarida esa «koffie» deb atala boshlangan. Hozirgi kunda har yili 10 million tonnadan ortiq kofe ishlab chiqariladi. Braziliya, Vyetnam, Kolumbiya, Indoneziya, Efiopiya, Peru va Hindiston asosiy ishlab chiqaruvchi davlatlar hisoblanadi. Kofe sanoatida Starbucks, Costa Coffee, Nescafe, Tim Hortons va Dunkin Donuts kabi kompaniyalar yetakchilik qilmoqda. Skandinaviyaliklar aholi jon boshiga eng ko‘p kofe ichadigan xalq hisoblanadi. Mamlakatlar bo‘yicha esa AQSH, Braziliya va Germaniya oldingi o‘rinlarda. Kofe neftdan keyin eng ko‘p sotiladigan tovarlardan biri bo‘lib, hayotimizda muhim o‘rin tutadi.
Keywords