Sentabr oyida ilk bor o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Koreya – Markaziy Osiyo» sammiti mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda.

Centralasia-korea.org saytining xabar berishicha, ushbu masala bo‘yicha Global Asia jurnalida tahlil chop etildi. Qozog‘istonlik siyosatshunos Aydar Kurmashev tayyorlagan maqolada Markaziy Osiyo mamlakatlarining xalqaro darajadagi qo‘shma diplomatik aloqalari faollashganiga qaramay, mintaqalararo savdo va ishlab chiqarish hamkorligi hali yetarli darajada jipslashmagani ta'kidlanadi.

Mutaxassisning fikricha, hamkorlik samaradorligini faqat ikki tomonlama shartnomalar soni bilan emas, balki bir nechta Markaziy Osiyo davlatini birlashtiruvchi qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi bilan o‘lchash zarur. Xususan, mineral resurslarni qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi, avtomobil ehtiyot qismlari va mikroelektronika kabi yo‘nalishlarda qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish taklif etiladi.

Tahlilda raqamli hamkorlikka ham alohida ahamiyat beriladi. Elektron hujjat aylanishi, yuk ma'lumotlarining oldindan almashinishi va chegaralarda xavf-xatarlarni birgalikda boshqarish kabi yechimlar raqamli savdo yo‘laklarini rivojlantirishga yordam berishi mumkinligi qayd etiladi.

Shunday qilib, «Koreya – Markaziy Osiyo» sammitining odatiy diplomatik muzokaralardan ancha kengroq chiqib, mintaqada chegaralararo iqtisodiy loyihalar va raqamli iqtisodiy yo‘laklarni rivojlantirishga turtki berishi kutilmoqda.