
Lamborghini yo‘nalishini o‘zgartirmoqda: kompaniya to‘liq elektrli transport vositalarini ishlab chiqarishdan voz kechib, gibrid modellariga o‘tishga qaror qildi. «The Sunday Times» gazetasining xabar berishicha, mashhur brend "toza" elektromobillarga bo‘lgan talab pastligi sababli, tokdan quvvatlanuvchi gibridlarni (PHEV) rivojlantirishga e’tibor qaratishga qaror qildi.
Kompaniya raisi va ijrochi direktori Stefan Vinkelman strategiyaning o‘zgarishini rasman tasdiqladi. Uning aytishicha, 2030-yilga borib barcha modellar gibrid ko‘rinishida bo‘ladi, an’anaviy dvigatellar ishlab chiqarishni esa imkon qadar uzoq vaqt saqlab qolishga harakat qilinadi. 2028-yilda chiqarilishi rejalashtirilgan ilk to‘liq elektrli «Lanzador» avtomobili loyihasi esa butunlay yopildi.
Vinkelman bu qaror mijozlar bilan maslahatlashilgandan so‘ng, bir yildan ortiq vaqt davomida qabul qilinganini ta’kidladi. U bozor tayyor bo‘lmagan vaqtda elektromobillarga sarmoya kiritishni "qimmatga tushadigan ermak" va aksiyadorlar hamda xodimlar oldidagi moliyaviy mas’uliyatga befarqlik deb atadi.
Avtomobil sanoatidagi butun dunyo bo‘ylab o‘zgarishlarga qaramay, Lamborghini ishonchli o‘sish ko‘rsatmoqda. «Volkswagen Group» tarkibiga kiruvchi kompaniya 2025-yil yakunlari bo‘yicha 10 747 ta avtomobil sotib, tarixiy ko‘rsatkichga erishdi. Bu muvaffaqiyatning asosiy harakatlantiruvchisi aynan gibrid modellar: «Revuelto», «Urus» va «Temerario» bo‘ldi. Shu bilan birga, brend uchun asosiy bozorlardan biri bo‘lgan AQSH bozorida sotuvning taxminan 10% ga pasayishi ham rejalar qayta ko‘rib chiqilishiga ta’sir ko‘rsatdi.
Keywords