Niderlandiya sudi Xitoyning BYD kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan Ti 7 krossoverini Yevropa Ittifoqi hududida ishlab chiqarish, import qilish va sotishga dastlabki taqiq joriy etdi. Bunga «Jaguar Land Rover» (JLR) kompaniyasining Xitoy avtomobilining tashqi ko‘rinishi «Land Rover Defender» modeli dizayniga bo‘lgan huquqlarni buzayotgani haqidagi da’vo bilan sudga murojaat qilgani sabab bo‘ldi. Bu haqda «Carnewschina» nashri xabar bermoqda.

2026-yil yozida BYD kompaniyasi Buyuk Britaniyada Ti 7 modeliga oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshladi. «Top Gear» nashri esa ushbu krossoverni «Defender’ning Xitoydagi nusxasi» deb ta’rifladi. Shundan so‘ng JLR Xitoy ishlab chiqaruvchisi avtomobilda qo‘llanilgan ayrim texnologiyalarni teskari muhandislik usuli orqali o‘zlashtirgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Shu munosabat bilan Niderlandiyadagi BYD ofislarida tintuvlar o‘tkazilib, ayrim hujjatlar olib qo‘yildi.

Noyabr oyining o‘rtalarida sud olib qo‘yilgan hujjatlar JLR kompaniyasining o‘z da’volarini asoslash uchun zarur emasligi haqida qaror chiqardi. Buning sabablaridan biri sifatida Ti 7 modeli Yevropa Ittifoqi hududida hali sotuvga chiqarilmagani ko‘rsatildi.

«Carnewschina» ma’lumotlariga ko‘ra, sud BYD kompaniyasining o‘nta sho‘ba korxonasiga ushbu krossoverni Yevropa Ittifoqi hududida ishlab chiqarish, import qilish va sotishni taqiqladi. Sud fikricha, avtomobilning tashqi dizayni Yevropa Ittifoqida ro‘yxatdan o‘tkazilgan Defender Type L663 modelining tashqi ko‘rinishiga oid oltita dizayndan biriga bo‘lgan huquqlarni buzadi. Taqiq sud qarori topshirilganidan bir hafta o‘tib kuchga kiradi. «Reuters» agentligining qayd etishicha, ushbu sudning vakolati BYD kompaniyasining Buyuk Britaniyadagi sho‘ba korxonasiga taalluqli emas.

BYD kompaniyasi Ti 7 modeli mustaqil ravishda ishlab chiqilganini ma’lum qilib, sud qarori ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini bildirdi. JLR esa o‘zining intellektual mulk huquqlarini himoya qilayotganini ta’kidladi va qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortdi.

«Carnewschina» xabariga ko‘ra, JLR olti oy ichida ishning mohiyati bo‘yicha sud muhokamasi boshlanishiga erishishi kerak. Aks holda, dastlabki taqiq o‘z kuchini yo‘qotishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, BYD ushbu modelni Xitoyda 2025-yil kuzida «Fangchengbao Tai 7» nomi bilan taqdim etgan edi.