
Viloyatda g‘o‘za ekiladigan maydonlarni shudgorlash ishlari yakunlovchi bosqichga qadam qo‘ydi. 130 ming gektar yerning yarmidan ko‘pida tekislash, 100 ming gektarga yaqin qismida esa egat olish ishlari yakunlandi. Bu haqda «Türkmen gündogary» gazetasida xabar berildi.
Xabarda ta’kidlanishicha, haydalgan yerlarni tekislash bo‘yicha Sayot tumani qishloq xo‘jaligi xodimlari katta faollik ko‘rsatmoqdalar. Ular 16 ming 563 gektar yerning 13 ming gektarga yaqinida tekislash ishlarini to‘liq yakunladilar. Forob va Chorjo‘y tumanlari dehqonlari ham peshqadamlar qatorida. Viloyatda yerlarni tekislashda 150 dan ortiq quvvatli texnikalardan foydalanilmoqda.
Viloyatda haydalib, tekislangan yerlarning egat olingan qismi 100 ming gektarga yaqinlashdi. Bu ish Ko‘ytendog‘ tumanida to‘liq yakunlandi. Kerki va Sayot tumanlarida ham egat olish ishlari yakunlovchi bosqichda olib borilmoqda.
Agrotexnik tadbirlar bilan bir qatorda, viloyatda g‘o‘za ekiladigan maydonlarni ekish oldidan o‘g‘itlash ishlari ham amalga oshirilmoqda. Joriy yilda viloyatda g‘o‘za maydonlariga 5 ming 850 tonna kaliy, 26 ming 800 tonna fosfor o‘g‘itlarini berish rejalashtirilgan bo‘lib, tumanlar zarur miqdordagi o‘g‘it bilan o‘z vaqtida ta’minlandi. Bugungi kunga qadar hududda fosforli o‘g‘itlarni berish ishlari to‘liq yakunlandi, kaliy bilan o‘g‘itlash ishlari esa yakuniy bosqichda davom etmoqda.
Keywords