
“Liverpul” klubi joriy transfer oynasida himoyachi Endi Robertsonning “Tottenhem Hotspur” klubiga o‘tishiga ruxsat bermadi.
The Athletic xabariga ko‘ra, klublar Shotlandiya terma jamoasi futbolchisi bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Robertsonning “Liverpul” bilan shartnomasi yozda yakunlanadi va “Tottenhem” transfer Chempionlar ligasidagi “Qorabog‘”ga qarshi o‘yindan keyin amalga oshadi deb hisoblagan. Ammo kelishuv “Liverpul”ning o‘rinbosar topishiga bog‘liq edi.
Vaziyatni baholagan klub rahbariyati 31 yoshli vitse-kapitanini saqlab qolishga qaror qildi. Endi Robertson bosh murabbiy Arne Slot rejalarining muhim qismi bo‘lib qolmoqda.
“Liverpul” Kostas Tsimikasni “Roma”dan ijaradan qaytarish imkoniyatini ham ko‘rib chiqdi, biroq bu rimliklar uchun yangi futbolchi topishni talab qiladi. “Roma” sport direktori Frederik Massara muzokaralar bo‘lganini tasdiqladi.
“Tottenhem” Robertsonni yozda erkin agent sifatida olishni rejalashtirgan, ammo Ben Deyvisning jarohati sabab qiziqishini tezlashtirdi. Robertson esa klubni tark etish uchun bosim o‘tkazmadi.
Kutilishicha, futbolchi mavsum oxirigacha “Enfild”da qoladi.
Keywords