Malayziyaning neft-gaz sohasida xizmatlar va uskunalar bilan shug'ullanuvchi 14 ta kompaniyasi rahbarlari oktyabr oyida Turkmanistonga amaliy tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Tashrif davomida ikki mamlakat kompaniyalari o'rtasida B2B hamkorligini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va neft-gaz sohasida investitsiya imkoniyatlarini muhokama qilish ko'zda tutilgan.

Malayziya iqtisodiyot vaziri o'rinbosari Akmal Nasrulla Mohd Nasir Kuala-Lumpurda bo'lib o'tgan matbuot anjumanida rejalashtirilgan amaliy tashrif haqida ma'lumot berdi. Ishbilarmonlar guruhining tashrifi Malayziyaning davlat korporatsiyasi Malaysia Petroleum Resources Corporation (MPRC) tomonidan mamlakatning xalqaro bozorlarga chiqishini qo'llab-quvvatlovchi IMAP dasturi doirasida tashkil etiladi.

Malayziyaning neft-gaz sohasiga xizmat ko'rsatuvchi kompaniyalari uchun Turkmaniston Markaziy Osiyodagi muhim bozorlardan biri sifatida namoyon bo'ladi. Mamlakatda ko'p yillar davomida faoliyat yuritib kelayotgan «Petronas Carigali» kompaniýasining tajribasi ikki mamlakat neft-gaz tarmoqlari o'rtasidagi hamkorlik uchun poydevor yaratilishiga yordam berdi.

Keyingi bosqichda Malayziyaning neft-gaz xizmatlari, muhandislik va yuqori texnologiyalar bo'yicha ixtisoslashgan kompaniyalari Turkmanistondagi hamkorlik imkoniyatlariga qiziqish bildirayotgani ta'kidlanmoqda. Ular burg'ulash ishlarini modernizatsiya qilish, neft-gaz infratuzilmasini rivojlantirish, ishlab chiqarish obyektlarining texnik imkoniyatlarini oshirish hamda raqamli texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish bo'yicha o'z yechimlarini taklif qilishlari mumkin.

Malayziyaning OGSE deb nomlanuvchi neft-gaz xizmatlari sektori taxminan 3 mingta kompaniyani o'z ichiga oladi. Bu sektordagi yillik ishlab chiqarish hajmi 20 milliard AQSh dollariga yaqinligi xabar qilinmoqda.

Turkmanistonda neft-gaz tarmog'ini diversifikatsiya qilish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ekologik jihatdan toza texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish bo'yicha olib borilayotgan ishlar xorijiy kompaniyalar uchun yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratadi.

Oktyabr oyida Malayziyadan keladigan ishbilarmonlar guruhining tashrifi ikki mamlakat neft-gaz tarmoqlarida to'g'ridan-to'g'ri ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish, texnologik tajriba almashish va yangi qo'shma loyihalarni muhokama qilish imkonini beradi.