
Muhtaram Prezidentimizning yaqinda Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari va viloyat hokimlari ishtirokida oʻtkazgan ishchi yigʻilishida kartoshka va poliz ekinlarining bahorgi ekish mavsumi boʻyicha bergan topshiriqlaridan kelib chiqib, viloyatimiz sabzavotchilari ekish ishlarini qisqa vaqt ichida va yuqori sifatli amalga oshirishga kirishdilar.
Joriy yilda viloyatimiz boʻyicha 1 ming 400 gektar maydonda bahorgi kartoshka ekish rejalashtirilib, 3 ming 920 tonna urugʻ tayyorlandi. Mavsumda, asosan, kartoshkaning yuqori hosil beruvchi «Gala» va «Santa» navlari ekiladi. Shuningdek, viloyatimizda jami 900 gektar maydonda bahorgi piyoz ekish va moʻl hosil yetishtirish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda. Bu haqda «Türkmen gündogary» gazetasida xabar berildi. Bahorgi piyozning «Bereket», «Farap», «Kaka» navlari tanlab olinib, ular Davlatli, Chorjoʻy, Daniv va Kerki tumanlarida ekiladi. Hozirgi vaqtda dastlabki gektarlarda kartoshka va piyozning bahorgi ekishi agrotexnika talablariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Ekin maydonlari, urugʻliklar hamda qishloq xoʻjaligi texnikalarining oldindan toʻliq tayyor qilinishi mavsumning ilk kunlaridan oʻz samarasini bermoqda.
Import oʻrnini bosuvchi yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlarining oʻz mamlakatimizda ishlab chiqarilishi toʻkin-sochinlik yaratishda muhim qadam boʻldi. El-yurt manfaatiga yoʻnaltirilgan ushbu xayrli ishga viloyatimiz dehqon birlashmalari ijarachilari bilan bir qatorda xususiy sektor vakillari ham munosib hissa qoʻshmoqdalar. Chorjoʻy tumanidagi «Tebigy ekin» dehqon xoʻjaligida olib borilayotgan samarali ishlar misolida ham buni yaqqol koʻrish mumkin. Dehqon xoʻjaligida bir necha yildan beri kartoshkaning iqlim sharoitimizga moslashgan, moʻl hosil beruvchi navlari ekilib, bu borada boy tajriba toʻplandi.
Shonli rivojlanishlarga boy boʻlgan «Mustaqil, doimiy Betaraf Turkmaniston — bedov otlar shiddati bilan ulugʻ maqsadlar sari intiluvchi diyor» yilida mavsumiy agrotexnik tadbirlarning tizimli yoʻlga qoʻyilishi va ob-havo sharoitining qulay kelishi poliz ekinlaridan boy hosil olishga zamin yaratmoqda. Taʼkidlash joizki, quyoshli oʻlkamizda yetishtirilgan ekologik toza, yuqori sifatli sabzavot va poliz mahsulotlari oʻzining lazzati, inson salomatligiga foydaliligi va toʻyimliligi bilan ajralib turadi.
Viloyatimiz dehqonlari turkman qishlogʻini taraqqiyotning yangi bosqichlariga koʻtarib, ona tuproqdan moʻl hosil olish uchun keng imkoniyatlar yaratib berayotgan Qahramon Arkadagʻimizga va Arkadagʻli Qahramon Serdarimizga minnatdorchilik bildiradilar.
Keywords