O‘zbekistonda oliy va oliy ta’limdan keyingi ma’lumotga ega bo‘lgan aholi soni 3,27 million kishiga yetdi. Bu mamlakat umumiy aholisining 12 foizini tashkil etadi. Bu haqda «rg.ru» nashri O‘zbekiston Milliy statistika kengashi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining asosiy qismini umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ma’lumotga ega fuqarolar tashkil etadi. Xususan, umumiy o‘rta ma’lumotli o‘zbekistonliklar soni 11,6 million kishiga yetgan. Bu 15 yoshdan katta aholining 42,8 foiziga teng.

O‘rta maxsus yoki kasbiy ma’lumotga ega bo‘lganlar soni esa 9,7 million kishini tashkil etib, tegishli yosh guruhining 35,8 foiziga to‘g‘ri keladi.

«Podrobno.uz» nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 15 yoshdan katta har 1 000 nafar aholining 120 nafari oliy ma’lumotga ega.