«Tesla» va «SpaceX» kompaniyalarining birlashishi bo‘yicha muzokaralarda olg‘a siljish kuzatildi. Tomonlar bitim haqida 2026-yil dekabr oyida rasman e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Biroq ushbu xabarni 2027-yil boshiga qoldirish ehtimoli ham mavjud. Bu haqda «Bloomberg» agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki kompaniyaning direktorlar kengashlari birlashish shartlari va yangi tashkil etiladigan tuzilmaning boshqaruv tizimini kelishib olmoqda. Muhokama qilinayotgan asosiy masalalardan biri «Tesla» aksiyadorlariga «SpaceX» kompaniyasining qancha ulushi berilishi bilan bog‘liq.
«Bloomberg»ning qayd etishicha, birlashuv amalga oshsa, u jahon korporativ tarixidagi eng yirik bitimga aylanishi mumkin. Hozirda «SpaceX» kompaniyasining qiymati 1,9 trillion dollarga, «Tesla»ning bozor kapitallashuvi esa 1,5 trillion dollardan ortiqqa baholanmoqda.
Ikki kompaniyaning birlashishi natijasida elektromobillar, raketalar, sun’iy yo‘ldoshlar va akkumulyatorlar ishlab chiqaradigan, shuningdek, sun’iy intellekt uchun infratuzilma yaratadigan yirik sanoat guruhi tashkil topishi mumkin. Bitimning asosiy maqsadlaridan biri sun’iy intellekt texnologiyalarining kosmik sohada, haydovchisiz transport vositalarida va robototexnikada qo‘llanilishini kengaytirishdan iborat.
Kompaniyalar hozirning o‘zida bir nechta yo‘nalishda hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, ular AQShning Texas shtatida «Terafab» nomli chip ishlab chiqarish zavodini qurmoqda.
2026-yil oktabr oyida har ikki kompaniya rahbari Ilon Mask investorlar bilan suhbat chog‘ida «SpaceX» va «Tesla»ning birlashishini «yaxshi g‘oya» deb atadi. Shuningdek, u kompaniyalar direktorlar kengashlari birlashish imkoniyatlarini o‘rganish uchun maxsus guruhlar tashkil etganini ma’lum qildi.
«Bloomberg»ning ta’kidlashicha, bitimga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan asosiy omillardan biri «Tesla»ning Xitoydagi faoliyati bilan bog‘liq. «SpaceX» AQSh hukumati uchun muhim mudofaa pudratchisi hisoblanadi, «Tesla» esa Xitoyda yirik ishlab chiqarish quvvatlariga ega.
Nashr 2026-yil yozida «Tesla» «SpaceX» bilan birlashishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Xitoydagi biznesini sotish imkoniyatini ham ko‘rib chiqa boshlaganini xabar qilgan edi.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.