
Turkmaniston Qahramoni, kosmonavt Oleg Kononenko “Roskosmos” tomonidan ishlab chiqarilgan “Progress” yuk tashuvchi kosmik kemasini masofadan boshqarish bo‘yicha mashg‘ulot o‘tadi. U teleoperator boshqaruv tizimi (TORU) bo‘yicha vazifalarni bajardi. Kononenko Xalqaro kosmik stansiyaga 76-ekspeditsiya zaxira ekipajining komandiri etib tayinlandi.
Odatda yuk kemalari stansiyaga mustaqil ravishda yaqinlashib, u bilan tutashadi. Biroq avtomatik tizim ishlamay qolgan holatlarni hisobga olgan holda, ekipaj qo‘lda boshqarishga o‘tishni va kemalarni tegishli tugmalar yordamida masofadan birlashtirishni o‘rganadi. Kosmonavtlar buni amalga oshirayotgan paytda boshqa favqulodda vaziyatlar ham yuzaga kelishi mumkin, shuning uchun ekipaj ularning barchasini bartaraf etishni bilishi kerak.
Mashg‘ulotlarda Oleg Kononenko turli nosozliklarni aniqlash va tuzatishni o‘rgandi. Masalan, bort kompyuteri ishlamay qolganda, kemalar noto‘g‘ri yaqinlashganda yoki operator displeyi qotib qolganda, u kema ustidan nazoratni qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi.
Kosmonavtlarni tayyorlash markazining 1-boshqaruv laboratoriyasi rahbari Andrey Savintsev displey qotib qolgan holatda kosmonavtlar qanday harakat qilishini tushuntirdi. Operator stansiya harakatini ko‘radi, lekin ekrandagi raqamlar o‘zgarmay qoladi. Bunday vaziyatda kosmonavt Yerdagi mutaxassislardan tizimni qayta ishga tushirishga ruxsat so‘raydi. Yerda ruxsat berilishi bilan ekipaj tegishli buyruqlarni kiritadi va displey qayta ishga tushadi. Ma’lumotlar qaytadan yangilana boshlaydi va kosmonavt kemaning stansiyaga yaqinlashishini nazorat qilishni davom ettiradi.
Ta’kidlash joizki, Oleg Kononenko 1964-yilda Turkmanistonning Chorjo‘y shahrida (hozirgi Turkmanobod) tug‘ilgan. 1988-yilda Xarkov aviatsiya institutini samolyot dvigatellari mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Kononenko xalqaro kosmik stansiyaga ilk kosmik parvozini 2008-yilda amalga oshirgan edi.
Keywords