
Xalqimiz o‘zining ko‘p ming yillik shonli tarixi davomida ilmiy kashfiyotlari, me’morchilik an’analari va nodir adabiy asarlari bilan jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelgan. "Ko‘hnasi bo‘lmaganning, yangisi bo‘lmas" deganlaridek, ajdodlarimizdan meros qolgan milliy qadriyatlarimiz bugungi kunda asrab-avaylanmoqda va ilmiy asosda o‘rganilmoqda.
Turkmanobod shahrining janubiy qismida joylashgan Omul qal’asi qadim zamonlarda eng gavjum maskanlardan biri sifatida tanilgan. Buyuk Ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashgani va Jayhun (Amudaryo) ustidan qulay o‘tish yo‘li bo‘lgani qadimiy shaharning iqtisodiy rivojlanishini ta’minlagan. Turli yillarda olib borilgan qazishmalar natijasida topilgan bir necha metr chuqurlikdagi oshxona va hammom devorlari, kumush va mis tangalar, ayollar taqinchoqlari hamda kulolchilik buyumlari Omulning o‘tmishdagi yuksak madaniyatidan darak beradi.
O‘tgan oyda qadimiy yodgorliklarda bahorgi qazishma va tiklash mavsumi boshlanishi bilan Omul qal’asida ham ishlar jadallashdi. Bu muhim vazifa "Kerki" davlat tarixiy-madaniy qo‘riqxonasi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qo‘riqxona ilmiy bo‘limi mudiri Nuryog‘di Xoshvaqtov shunday deydi: — Hozirgi kunda to‘rt kishilik guruhimiz bilan qal’aning shimoli-sharqiy qismidagi madaniy qatlamlarda qazishma ishlarini olib boryapmiz. Allaqachon bir nechta qimmatli topilmalar aniqlandi. Shuningdek, qal’a devorlarini asli holatida kelajak avlodlarga yetkazish uchun tiklash ishlarini ham olib boryapmiz.
Keywords