
O‘zbekistonlik seleksionerlar soyaning uchta yangi navini kashf qildilar. Mamlakat Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, soyaning «Marjon» navi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari, «Vodiy jilosi» hamda «Oltin vodiy» navlari esa Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yetishtirildi. O‘zbekiston Adliya vazirligi reyestrida ro‘yxatga olingan soyaning ushbu yangi navlarini yetishtirish va ulardan foydalanish huquqi berildi. Seleksiya mehnati asosida yaratilgan ushbu yangi navlar innovatsion xususiyatlari, o‘ziga xosligi hamda chidamliligi bilan ajralib turadi. Tarkibida 45 foiz oqsil, 25 foizgacha o‘simlik yog‘i bo‘lgan soya qishloq xo‘jaligi madaniyatida munosib o‘ringa ega. Soya oqsili aminokislotalar tarkibining muvozanatlashganligi bo‘yicha go‘sht va sut mahsulotlariga juda yaqin bo‘lib, butun dunyoda «o‘simlik go‘shti» deb ham ataladi. Soya qo‘llanilish doirasi kengligi sababli nafaqat oziq-ovqat sanoatida, balki undan tibbiyot plazmalari va ko‘zoynaklar uchun yuqori sifatli linzalar tayyorlashda ham foydalaniladi. Soya ozuqaviy qiymatidan tashqari, tuproq unumdorligini oshirish hamda agrokimyoviy holatini yaxshilash xususiyatiga ham egadir.
Keywords