Viloyatda «oq oltin» mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakunlovchi bosqichda olib borilmoqda. Qishloq xo‘jaligida yangi hosil yig‘im-terimi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish muhim davrlardan biridir. Bu yil ham quyoshli Diyarimiz paxtakorlari mo‘l hosil yetishtirish uchun zahmatli mehnat qilishdi. Yaqin kunlarda start berilishi kutilayotgan paxta terimi munosabati bilan viloyatda tegishli tashkiliy va texnik tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. «Mustaqil, boqiy Betaraf Turkmaniston — tulpor otlarning vatani» yilida viloyat bo‘yicha 130 ming gektar maydonga g‘o‘zaning yuqori hosildor navlari urug‘i ekildi. Ularning qatorida «S-2606», «Yo‘loten-7», «Yo‘loten-39» navlari bilan birgalikda sinov maqsadida «Yo‘loten-53» va «Garaşsyzlyk-30» navlari ham bor. Mavsumda viloyat bo‘yicha 320 ming tonna «oq oltin» yig‘ish rejalashtirilmoqda. Hosilni qisqa vaqt ichida va isrof qilmasdan yig‘ib olishda zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalaridan samarali foydalanish alohida ahamiyatga ega. Mavsumda dunyoning rivojlangan davlatlari ishlab chiqaruvchilaridan sotib olingan yuqori unumdor texnikalar bilan bir qatorda, viloyat bo‘yicha 218 ta «John Deere» paxta terish kombayni ishga jalb etiladi. Texnikalarning mavsumga tayyorgarligini ta’minlash maqsadida viloyat «Obahyzmat» ishlab chiqarish birlashmasida va uning tumanlardagi korxonalarida tegishli ishlar bajarildi. Texnik vositalarning soz va uzluksiz ishlashi uchun ularning holati ko‘zdan kechirilib, zarur tayyorgarlik choralari amalga oshirildi. Paxta hosilini qabul qilish va qayta ishlash uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Hozirgi vaqtda viloyatda faoliyat yuritayotgan 11 ta paxta tozalash korxonasida hamda 38 ta paxta qabul qilish xirmonxonasida tayyorgarlik ishlari yakunlovchi bosqichda olib borilmoqda. Terim davrida yig‘ilgan paxtaning xirmonlarga o‘z vaqtida va isrof qilmasdan yetkazib berilishi ham asosiy vazifalardan biridir. Bu yo‘nalishda paxta tozalash korxonalariga tegishli yuk avtomashinalari, traktorlar va tirkamalar samarali foydalaniladi. Paxta terimi davrida mehnat xavfsizligini to‘g‘ri tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish, yong‘inga qarshi kurash choralarini talab darajasida o‘tkazish va mavsumda qatnashayotgan xodimlar uchun zarur sharoitlarni yaratish asosiy vazifalar qatorida bo‘ladi. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari yangi hosilni o‘z vaqtida yig‘ib olishda, paxtakorlarning fidokorona mehnati natijalarini oshirishda va viloyat bo‘yicha belgilangan rejalarning muvaffaqiyatli bajarilishida muhim ahamiyat kasb etadi.