
"2026-yil 1–31-may kunlari Turkmanistonda tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi"ga muvofiq, Ashxobod shahridagi Erkin ijod makonida (Erkin döredijilik mekany) yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan ta’sirli uchrashuv tashkil etildi.
Targ‘ibot-tashviqot tadbirida Turkmaniston Mejlisi deputatlari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligining tegishli tuzilmalari, jumladan, yo‘l nazorati va jinoyat qidiruv xizmatlari mutaxassislari ishtirok etdilar. Shuningdek, tadbirda Demokratik partiya, Kasabalar uyushmalari Milliy markazi, Maxtumquli nomidagi Yoshlar tashkiloti rahbarlari hamda Ashxobod shahar narkomaniya, alkogolizm va ruhiy kasalliklarning oldini olish markazi tibbiyot mutaxassislari ma’ruzalar qildilar.
Uchrashuv davomida asosiy e’tibor yoshlar salomatligiga zarar yetkazadigan zararli odatlarning oldini olishga, jismoniy tarbiya hamda milliy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni keng ulug‘lashga qaratildi. Shu bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Raqamli tizim rivojlanayotgan davrda internet resurslaridan foydalanish madaniyatini shakllantirishning ahamiyati ham uchrashuvda muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
Ma’ruzalarda ta’kidlanganidek, barkamol va sog‘lom avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanishining garovidir. Ishtirokchilar yoshlar huquqlarini hisoya qilish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari, shuningdek, yoshlarning zamonaviy ta’lim olishlari hamda intellektual qobiliyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishlari uchun davlat tomonidan yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Tadbir qiziqarli fikr almashishlar va savol-javob tarzida yakunlandi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli mutaxassislardan aniq javoblar olib, bunday ahamiyatli uchrashuvlar muntazam ravishda tashkil etilayotgani uchun minnatdorlik bildirdilar.
Tadbir yakunida uning ishtirokchilari xalqimizning baxtiyor hayot kechirishi, yosh avlodning sog‘lom va baland ruhli bo‘lib voyaga yetishi yo‘lida ulkan g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan turkman xalqining Milliy Lideri, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Qahramon Arqadag‘imizga hamda muhtaram Prezidentimiz Serdar Berdimuhamedovga o‘zlarining samimiy minnatdorchilik so‘zlarini izhor etdilar.
Keywords