24-noyabr kuni I. Arabayev nomidagi Qirg‘iz davlat universitetida Turkmaniston Mustaqilligining 35 yilligi, mamlakat erishgan yutuqlar va xalqaro tashabbuslariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy sayti xabar beradi.

Tadbirda turkmanistonlik talabalar, turkman diasporasi vakillari, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida Turkmanistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, milliy ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro gumanitar hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda Turkmaniston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan «2028-yil — Xalqaro huquq yili» rezolyutsiyasiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur tashabbus xalqaro huquq normalarini mustahkamlash, tinchlik va xavfsizlikni saqlash, shuningdek, davlatlar o‘rtasida samarali muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, 2026-yil oktabr oyida «Awaza» milliy turistik zonasida o‘tkazilgan xalqaro tadbirlarning natijalari haqida ham ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida Turkmaniston va Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida ilm-fan va ta’lim, madaniyat hamda gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va yoshlar loyihalarini amalga oshirish ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.