Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlis Akunbekov Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasida mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Chariyar Chetiyev bilan uchrashdi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilinib, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi.
Tomonlar Qirg‘izistonning iqlim sharoitiga mos, qurg‘oqchilikka chidamli uzum navlarini yetishtirishda Turkmaniston tajribasini joriy etish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, shuningdek, meva, rezavor mevalar va sabzavot ekinlarini yetishtirish bo‘yicha qo‘shma ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralarda organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada organik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish, mahsulotlarni xorijiy bozorlarga olib chiqish, shuningdek, ularni qayta ishlash, saqlash va qadoqlash uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligi ham qayd etildi. Shu munosabat bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va qayta ishlash korxonalari ishtirokida ikki tomonlama biznes uchrashuvlarini tashkil etish imkoniyati muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Erlis Akunbekov Qirg‘iziston Turkmanistonda ishlab chiqariladigan yuqori sifatli mineral o‘g‘itlarni o‘zaro manfaatli shartlarda va raqobatbardosh narxlarda bevosita sotib olishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish va o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aloqalarni faollashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.









Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.