O‘zbekistonning qadimiy Xiva shahrida o‘tkazilgan «Qovun sayli» xalqaro festivali jahon rekordi o‘rnatilishi bilan yakunlandi. Keng ko‘lamli tadbir 7–9-avgust kunlari «Ichan qal’a» tarixiy-madaniy majmuasi hamda «Arda Khiva» turistik markazi hududida tashkil etildi.

Uch kun davom etgan festival O‘zbekistonning turli viloyatlaridan kelgan mehmonlar, xorijiy sayyohlar, shuningdek, mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillarini bir joyga jamladi. Tashkilotchilar ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirda jami 186 ming kishi ishtirok etdi. Ularning 150 ming nafari mahalliy, 36 ming nafari esa xorijiy sayyohlardan iborat bo‘ldi.

Festivalning eng ta’sirli voqealaridan biri qovun degustatsiyasi bo‘yicha yangi jahon rekordining o‘rnatilishi bo‘ldi. «Guinness World Records» tashkilotining rasmiy sertifikati bilan tasdiqlangan rekord 9-avgust kuni Xivada qayd etildi.

Tadbirda bir vaqtning o‘zida 259 kishi ishtirok etib, ular qovunning 10 dan ortiq navini tatib ko‘rdilar. Rekordning o‘rnatilishi va tasdiqlanishini «Guinness World Records» tashkilotining rasmiy hakami, Turkiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Şeyda Subaşı Gemici kuzatib bordi.

Festival davomida mehmonlar uchun turli madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi. Mashhur san’atkorlarning konsertlari, mahorat darslari, ko‘rgazmalar, tanlovlar va boshqa tadbirlar uch kunlik dasturning asosiy qismini tashkil etdi. Festivalning yopilish marosimida Rossiyaning mashhur xonandasi MakSim chiqish qildi.

Tadbirning ko‘rgazma bo‘limlarida Xorazm viloyati tumanlari, ilg‘or fermer xo‘jaliklari va boshqa ishtirokchilar qovunning turli navlarini keng jamoatchilikka taqdim etdilar. Shuningdek, mintaqada ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, zamonaviy texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi sohasidagi yutuqlar namoyish etildi.

Festivalga tashrif buyurganlar qovunning turli navlarini tatib ko‘rish bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan suhbatlashish va Xorazmda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning asrlar davomida shakllangan an’analari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

«Qovun sayli»ning jahon rekordi bilan yakunlanishi Xivaning nafaqat tarixiy va madaniy merosi, balki milliy taomlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va gastronomik turizm imkoniyatlari bilan ham xalqaro miqyosda tanilganini yana bir bor namoyish etdi.