Qozog‘iston tarixida birinchi marta Astanada bortida odam bo‘lgan uchuvchisiz yo‘lovchi havo transporti muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirdi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Transport vazirligi Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi xabar berdi.
Tik uchib-qo‘nadigan elektr havo transportining (eVTOL) EH216-S rusumli ko‘rgazmali parvozi «Kelajak o‘yinlari – 2026» xalqaro musobaqasi doirasida poytaxtning maxsus ruxsat berilgan havo hududida o‘tkazildi.
Vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu havo transporti ikki yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan. U soatiga 130 kilometrgacha tezlikka erishib, 35 kilometrgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish imkoniyatiga ega.
Loyiha ilk bosqichida Qozog‘istonning tabiiy, madaniy va tarixiy diqqatga sazovor joylari bo‘ylab 5 daqiqadan 30 daqiqagacha davom etadigan ko‘rgazmali va sayyohlik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Kelajakda uchuvchisiz yo‘lovchi havo tizimlari transport infratuzilmasining muhim qismiga aylanishi kutilmoqda.
Shuningdek, vazirlik uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, dori-darmon yetkazib berish, yong‘inlarni o‘chirish va tezkor logistika ishlarida foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.