Madridning “Real Madrid” futbol klubi Ispaniyada o‘tkaziladigan “Formula-1” Gran-prisining mahalliy hamkoriga aylandi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi. Ispaniya poytaxti yaqinidagi yangi “Madring” avtodromida ilk bor o‘tkaziladigan Gran-pri 11–13-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Shu yildan boshlab Ispaniya Gran-prisi Barselonadan Madridga ko‘chirildi. “Madring” trassasi “Real Madrid”ning mashg‘ulotlar majmuasi yaqinida joylashgani ta’kidlanmoqda. Yangi hamkorlik doirasida musobaqa kunlarida futbol klubi infratuzilmasining ma’lum bir qismidan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bu esa Gran-pri o‘tkaziladigan joyda yaratiladigan imkoniyatlarni yanada kengaytirishga yordam beradi. Shuningdek, “Real Madrid” poyga vaqtida tashkil etiladigan qator mehmondo‘stlik zonalatida ishtirok etadi. Tadbirga klubning sobiq va hozirgi yulduz futbolchilari, shuningdek, “Real Madrid”ning boshqa taniqli vakillari qatnashishi kutilmoqda. “Formula-1”ning dunyodagi eng mashhur futbol klublaridan biri bilan hamkorligi Madriddagi Gran-prining sport va ko‘ngilochar ahamiyatini yanada oshirishi kutilmoqda.