Ispaniyaning «Real Madrid» klubi braziliyalik hujumchi Vinisius Junior bilan amaldagi shartnoma muddatini uzaytirdi. Bu haqda qirollik klubining rasmiy saytida xabar berildi.

26 yoshli hujumchi bilan tuzilgan yangi bitim 2032-yilgacha amal qiladi.

OAVda ilgariroq Vinisius shartnomani uzaytirish uchun 80 million yevro bonus talab qilgani hamda o‘zining imidj huquqlaridagi ulushini 50 foizdan 80 foizga oshirishni istagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Iyul oyi oxirida Londonning «Arsenal» klubi futbolchiga qiziqish bildirib, «Real»ga 135 million yevro taklif qilgani haqida ham mish-mishlar chiqqandi.

Vinisius 2018-yilning yozidan buyon «Real Madrid»da o‘ynab kelmoqda (avvalgi shartnomasi 2027-yilgacha mo‘ljallangan edi). Ushbu davr mobaynida u uch marta Ispaniya chempioni va ikki marta UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘ldi. 2024-yilda esa FIFA versiyasiga ko‘ra mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgandi.