Rossiya Federatsiyasi va Turkmaniston Hind okeaniga olib boradigan yangi transport yoʻnalishini yaratish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirmoqda. Yangi temir yoʻl tarmogʻi Turkmaniston va Afgʻoniston hududlaridan oʻtib, Pokiston orqali Hind okeani qirgʻogʻiga chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Rossiya bosh vazirining oʻrinbosari Marat Xusnullin maʼlum qildi.
Rejalashtirilayotgan transport yoʻlakda Turkmaniston muhim tranzit markazlaridan biri sifatida ish yuritadi. Loyiha doirasida “Kaspiy dengizining sharqiy aylanma yoʻli” deb nomlanuvchi logistika yoʻnalishi ham alohida ahamiyatga ega boʻladi.
Marat Xusnullinning taʼkidlashicha, Rossiyaning tegishli idoralari nafaqat temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish bilan cheklanib qolmay, balki Markaziy Osiyo davlatlari bilan janubiy dengizlarga chiqadigan avtomobil yoʻllarini yaratish boʻyicha ham muzokaralar olib bormoqda.
Yangi transport yoʻnalishlarining rivojlantirilishi Markaziy Osiyoning xalqaro logistika tizimidagi oʻrnini kuchaytirish bilan birga, Rossiya uchun ham janubiy bozorlar va dengiz portlariga chiqish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Hozirgi geosiyosiy va iqtisodiy sharoitlarda Markaziy Osiyo orqali yangi transport yoʻlaklarining yaratilishi xalqaro savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish nuqtai nazaridan muhim hisoblanadi.
Turkmaniston uchun esa bunday loyihalar mamlakatning qulay geografik joylashuvidan samarali foydalanish, tranzit yuk tashish hajmini oshirish va Osiyoning yirik bozorlarini Yevroosiyoning boshqa hududlari bilan bogʻlovchi logistika tizimidagi oʻrnini mustahkamlash imkonini berishi mumkin.
Loyihaning amalga oshirilishi Rossiya, Turkmaniston, Afgʻoniston va Pokiston kabi davlatlar oʻrtasida transport-logistika hamkorligining kengayishiga hamda kelgusida Hind okeani portlariga chiqadigan yangi savdo yoʻlagining shakllanishiga shart-sharoit yaratishi mumkin.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.