
— Ivan Kirillovich, Rossiyada har yili 10-fevral kuni Diplomatik xodimlar kuni nishonlanadi. Ushbu bayram Siz uchun va butun Tashqi ishlar vazirligi uchun qanday ahamiyatga ega?
— Savolingiz uchun rahmat. Men uchun ushbu kasb bayrami, avvalo, diplomatik xizmat avlodlari davomiyligining ramzidir. Bu ustozlar bilan fikr almashish, qo‘l ostidagi xodimlarni tabriklash, shuningdek, hozirda Moskvada yoki xorijdagi muassasalarda mehnat qilayotgan ko‘p yillik hamkasblarim bilan yangiliklar almashish uchun qulay fursatdir.
Ma’lumki, Diplomatik xodimlar kuni taqvimimizda nisbatan yaqinda paydo bo‘lgan — Rossiya Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putin tegishli farmonga 2002-yilda imzo chekkan. Biroq rus diplomatiyasi chuqur tarixiy ildizlarga ega. Qadimgi Rus davlati IX asrdan boshlab Yevropadagi xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisi bo‘lib kelgan. Masalan, 838-yilda Konstantinopolga amalga oshirilgan elchilik safari tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, o‘shanda Rus davlati Vizantiya imperatori Feofil saroyida ilk bor mustaqil davlat sifatida vakillik qilgan.
Bayram uchun tanlangan sana esa mamlakatimiz tarixida tashqi ishlar bilan shug‘ullangan ilk markazlashgan tuzilma — Elchilar idorasi (Posolskiy prikaz) hujjatlarda birinchi marta tilga olingan sana, ya’ni 1549-yil 10-fevral bilan bog‘liqdir.
— Sizningcha, zamonaviy diplomat qanday bo‘lishi kerak? So‘nggi yillarda ushbu kasbga qo‘yiladigan talablar o‘zgardimi?
— Mening fikrimcha, diplomatiyaning asosiy tamoyillari o‘zgarmasligicha qolmoqda. Kasbiy mahorat, chuqur bilim, mas’uliyat, shuningdek, muzokaralar olib borish va hatto eng murakkab vaziyatlarda ham tomonlar uchun o‘zaro maqbul yechimlarni topa olish qobiliyati ushbu kasbning asosiy fazilatlaridir. Albatta, xalqaro munosabatlar sohasidagi mutaxassislar xorijiy tillarni mukammal bilishlari shart. Bu talab doimo dolzarb bo‘lib kelgan.
Shu bilan birga, dunyo tez o‘zgarib bormoqda, hayot sur’ati tobora jadallashmoqda. Axborot bosimi kuchaymoqda, muloqotning yangi shakllari paydo bo‘lmoqda, kiberxavfsizlikdan tortib iqlim o‘zgarishigacha bo‘lgan yangi muammolar yuzaga chiqmoqda. Bularning barchasi diplomatdan keng dunyoqarash va yangi sharoitlarga tez moslashish qobiliyatini talab qiladi. Zamonaviy texnologiyalar va tegishli dasturiy ta’minotdan yuqori darajada foydalana olish ko‘nikmalari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Biroq qanday vaziyat bo‘lmasin, bu yo‘lni tanlaganlar uchun asosiy vazifa milliy manfaatlarni himoya qilish, xalqaro huquqqa hurmat bilan yondashish hamda halol va teng huquqli muzokaralarga tayyor bo‘lish kabi muhim tamoyillarga sodiq qolishdir. Muzokara madaniyatini saqlagan holda va me’yorni his etib, o‘z mamlakatining pozitsiyasini qat’iy himoya qila bilish juda muhim. Shu bilan birga, ishimizda o‘rinli hazil tuyg‘usining bo‘lishi ham zarar qilmaydi. Chunki o‘z vaqtida aytilgan hazil ba’zan tushunmovchiliklarni keskin muzokaralardan ham tezroq bartaraf etishi mumkin. Men bunga o‘z amaliy tajribamda bir necha bor guvoh bo‘lganman.
— Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi yangi sharoitlarga qanday moslashmoqda? Vazirlik faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilganmi?
— Hozircha biz tabiiy intellekt imkoniyatlariga tayangan holda ishlayapmiz. Jiddiyroq aytganda, tashqi siyosat idoramiz izchil ravishda takomillashib bormoqda, xodimlarimiz esa yangi kasbiy ko‘nikmalarni muntazam o‘zlashtirmoqdalar. Umuman olganda, biz zamondan ortda qolmayapmiz.
Raqamli diplomatiya vositalari ancha vaqtdan beri kundalik ishimizga joriy etilgan va ular xalqaro masalalarda Rossiyaning yondashuvlarini ilgari surish uchun faol qo‘llanilmoqda. Vazirlik tuzilmasi ham zamonaviy holatlarga mos ravishda o‘zgartirilmoqda: 2019-yilda Xalqaro axborot xavfsizligi bo‘limi tashkil etildi, 2022-yilda Ko‘p tomonlama gumanitar hamkorlik va madaniy aloqalar bo‘limi paydo bo‘ldi, 2025-yilda esa Afrika bilan hamkorlik bo‘yicha alohida bo‘lim ish boshladi. Amaldagi bo‘limlar ham yangi sharoitlarga moslashtirilmoqda. Jumladan, Umumevropa hamkorligi bo‘limi Yevropa masalalari bo‘limi deb qayta nomlandi, Shimoliy Amerika bo‘limi esa Shimoliy Atlantika bo‘limiga aylantirildi.
Bundan tashqari, kelajakdagi va hozirgi rossiyalik diplomatlar uchun ta’lim dasturlari hamda malaka oshirish kurslari doimiy ravishda rivojlantirilmoqda. Ularda hozirgi paytda dolzarb bo‘lgan mavzular — generativ sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, katta ma’lumotlarni qayta ishlash va boshqalar o‘z aksini topmoqda. Olingan bilimlarni ko‘plab hamkasblarim, ayniqsa, yosh mutaxassislarimiz allaqachon amaliyotda faol qo‘llamoqdalar.
— Rossiya diplomatiyasi ko‘pincha boy an’analarga ega bo‘lgan jiddiy maktab sifatida ta’riflanadi. Ushbu an’analar bugungi kunda qanday ahamiyatga ega?
— Ishonchim komilki, o‘tmish va hozirgi avlod rossiyalik diplomatlarining eng yaxshi fazilatlari ongli vatanparvarlik, yuksak kasbiy madaniyat va o‘z Vatanining milliy manfaatlarini chuqur anglash bo‘lib kelgan va doimo shunday bo‘lib qoladi. Bular abadiy ahamiyatga ega bo‘lgan va xizmatimiz poydevorini tashkil etuvchi qadriyatlardir.
Diplomatik xodimlar kuni haqida gapirganda, so‘nggi yillarda Rossiyada ushbu bayramning o‘ziga xos tantanali an’analari shakllandi. 10-fevral kuni Smolensk–Sennaya maydonidagi baland binomizda tantanali yig‘ilish o‘tkaziladi, unda Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri S. V. Lavrov tabrik nutqi bilan so‘zga chiqadi. Shu kuni alohida ajralib chiqqan xodimlarga idoraviy va davlat mukofotlari topshiriladi.
Vazirlik binosida Buyuk Vatan urushi jang maydonlarida halok bo‘lgan, tinchlik davrida xizmat burchini bajarish chog‘ida vafot etgan hamda repressiya yillarida qurbon bo‘lgan hamkasblarimiz nomlari bitilgan yodgorlik lavhalariga gullar qo‘yiladi.
Bundan tashqari, bayram munosabati bilan Rossiyaning xorijdagi barcha muassasalarida tantanali yig‘ilishlar, bayram dasturlari va protokol tadbirlari tashkil etiladi. Ishontirib aytamanki, Ashxoboddagi elchixona ham bundan mustasno emas — kelgusi hafta uchun rejalarmiz juda ko‘p. Yangiliklarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali kuzatib borishingiz mumkin.
— Ivan Kirillovich, so‘nggi savol. Siz bir necha yildan buyon Turkmanistonda faoliyat yuritmoqdasiz. Mamlakatimiz haqidagi taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
— Darhaqiqat, men ikki yarim yildan ortiq vaqtdan beri Ashxobodda ishlayman va mehmondo‘st turkman zaminida Rossiya manfaatlarini himoya qilish men uchun katta sharafdir.
Turkmaniston boy madaniy meros va o‘ziga xos an’analarga ega. Men mamlakatingiz bo‘ylab sayohat qilishni yoqtiraman. Yaqinda ilk bor Mary viloyatida, avval Gushgi nomi bilan tanilgan Serhetabat shahrida bo‘ldim.
Eng asosiysi, bu yerda men ajoyib insonlar bilan tanishdim, qardosh turkman xalqining mehribonligi va samimiyatini his qildim. Ashxobodda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari bilan o‘rnatilgan do‘stona va iliq munosabatlarni biz turmush o‘rtog‘im bilan alohida qadrlaymiz.
Fursatdan foydalanib, mamlakatingizda ishlash va kundalik hayot uchun yaratilgan a’lo sharoitlar uchun Turkmaniston Prezidenti hurmatli Serdar Berdimuhamedovga hamda turkman xalqining Milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi hurmatli Gurbanguli Berdimuhamedovga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
Rossiya va Turkmaniston diplomatik xizmatlarining kasb bayramlari taqvimda bir-biriga juda yaqin va ketma-ket kelishini alohida ta’kidlashni istardim. Bu tarixan shunday shakllangan. Shu munosabat bilan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri hurmatli Rashid Meredovni, shuningdek, Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligidagi barcha hamkasblarimizni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami — 18-fevralda nishonlanadigan Turkmaniston diplomatik xodimlari kuni bilan tabriklashdan mamnunman. Ularga mustahkam sog‘lik va yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
“Altyn asyr” elektron gazetasi jamoasiga ham bundan buyon ulkan muvaffaqiyatlar va ravnaq tilayman. Suhbatimiz va hamkorligimiz uchun minnatdorlik bildiraman.
Keywords