
«Rowaçlan Galkynyş» xususiy korxonasi yaqinda issiqxonalar va dehqonchilikda qo‘llaniladigan maxsus polipropilen matoni sotuvga chiqardi. Bu haqda korxonaning marketing bo‘yicha mutaxassisi Ibrayim Gurbanov seshanba kuni Turkmaniston rasmiy matbuotiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Oq granuladan tayyorlanadigan ushbu mato tashqi ta’sirlarga va issiqlikka chidamlidir. Matoning eni 1 metrdan 4 metrgacha, zichligi esa 65 g/m² dan 200 g/m² gacha bo‘lib, mijozning xohishiga ko‘ra turli ranglarda ishlab chiqariladi. Uning asosiy xususiyati 1, 3 yoki 5 foiz darajasida ultrabinafsha nurlaridan himoyalanganligidir», — deya ta’kidladi Ibrayim Gurbanov.
Korxona 2010-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning ishlab chiqarish quvvati Axal viloyatining Oq bug‘doy tumanida joylashgan. Xabarda qayd etilishicha, hozirgi vaqtda korxona «Rowachpack» savdo belgisi ostida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan rulonli polipropilen qoplar, shakar, galla, un va guruch kabi mahsulotlarni qadoqlash uchun sig‘imi 5 kg dan 80 kg gacha bo‘lgan oddiy qoplar, shuningdek, kichik tutqichli paketlar ishlab chiqarmoqda.
Bundan tashqari, «Rowachpack» brendi ostidagi qadoqlash mahsulotlari hozirda qator MDH davlatlariga muntazam eksport qilinmoqda. Kelajakda ushbu mahsulotlarni Yevropa va Janubiy Amerika mamlakatlariga ham eksport qilish rejalashtirilgan.
Keywords