Ro‘za tutish, odatiy ovqatlanish rejimidan farqli o‘laroq, ma’lum bir vaqt davomida yeb-ichishdan tiyilishdir. Ro‘za tutish fikrlarning yangilanishi va aqlni tiniqlashtirishi kabi ruhiy foydalari bilan bir qatorda, sog‘liq uchun ham juda muhimdir.

  1. O‘tkazilgan tadqiqotlarda ro‘za tutish tana vaznini 9 foizgacha kamaytirishi aniqlangan. Ya’ni, tana mushaklariga og‘irlik tushirmasdan, organizmdagi ortiqcha yog‘lardan xalos bo‘lish mumkin.
  2. Inson o‘sish gormoni (HGH) tanada tabiiy ravishda ishlab chiqariladi va qon aylanishi orqali to‘qimalarga yetib boradi. Ro‘za tutilganda HGH ko‘p miqdorda ajralib chiqishi natijasida ortiqcha yog‘lar eriydi. Bu esa tana mushaklarining kuchayishiga va egiluvchanligining ortishiga yordam beradi.
  3. Ro‘za tutish autofagiyani (tana hujayralarini qayta ishlash tizimi) harakatga keltirib, organizmdagi eski hujayralarni parchalash va qayta ishlash imkonini beradi. Bunday holatda inson tanasi hujayra qoldiqlaridan to‘liq tozalanadi.
  4. Ro‘za tutish organizmdagi uglevod va qondagi glyukoza darajasini barqaror saqlashga hamda visseral yog‘ massasini kamaytirishga yordam beradi. Mutaxassislar qandli diabetdan aziyat chekuvchi insonlar uchun ro‘za tutish ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlaydilar. Bunda tananing insulinga bo‘lgan sezgirligi ortadi va chidamliligi kuchayadi.
  5. Ro‘za tutish neyrodegenerativ buzilishlarning oldini olib, asab hujayralarining tiklanishi va shakllanishiga yordam beradi. Bu esa miya faoliyatini yaxshilaydi.
  6. O‘tkazilgan tadqiqotlarda ro‘za tutuvchi insonlarning uzoq umr ko‘rishi aniqlangan. Bu, asosan, ro‘za tutishning ovqat hazm qilish tizimi ishini yengillashtirishi, yurak-qon tomir tizimi va qon bosimini me’yorda saqlashi hamda tanada ortiqcha vazn bo‘lmasligi bilan izohlanadi.