Janubiy Koreya poytaxtida «Koreya — Markaziy Osiyo» birinchi sammiti arafasida mintaqa mamlakatlari madaniyatini tanishtiruvchi tadbir tashkil etildi.
Janubiy Koreyaning Seul shahrida «Koreya — Markaziy Osiyo» birinchi sammitiga tayyorgarlik doirasida «Ipak yo‘lida uchrashuv» nomli madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi. Birinchi sammitni 2026-yil 16-sentabr kuni Seulda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tadbir Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tayyorgarlik idorasi tomonidan Chxongye maydonida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi Janubiy Koreya aholisi va xorijiy mehmonlarni Markaziy Osiyo mamlakatlari, ya’ni Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Madaniy tadbir davomida mehmonlarga Markaziy Osiyo xalqlarining milliy an’analari va mehmondo‘stlik tamoyillari keng namoyish etildi. Ishtirokchilar milliy liboslarni kiyib ko‘rish, maxsus tashkil etilgan mavzuli tanlovlarda qatnashish hamda Sharqona choy ichish an’anasi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbirda Markaziy Osiyo madaniyatlarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bir qatorda, xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishda tarixiy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Ipak yo‘lining o‘rni ham alohida ta’kidlandi.
Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Tayyorgarlik idorasi rahbari Chon Yi Xe ta’kidlaganidek, Seulda o‘tkaziladigan birinchi «Koreya — Markaziy Osiyo» sammiti nafaqat davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, balki gumanitar va yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish borasida ham muhim bosqich bo‘ladi.
Madaniy tadbir Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosini Janubiy Koreya jamoatchiligiga keng tanishtirish bilan bir qatorda, ikki mintaqa xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratildi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.