Turkmanistonlik og‘ir atletikachi Shahzadbek Matyakubov Xitoyning Ninbo shahrida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 110 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Turkmanistonlik sportchi ikki mashq yig‘indisi bo‘yicha 417 kilogramm (dast ko‘tarishda — 187 kilogramm, siltab ko‘tarishda — 230 kilogramm) natija qayd etib, faxriy shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.

Ushbu vazn toifasida O‘zbekiston vakili Akbar Jo‘rayev 432 kilogramm (198+234 kg) natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. U dast ko‘tarish va ikki mashq yig‘indisi bo‘yicha jahon rekordlarini yangiladi. Kumush medal esa 418 kilogramm (185+233 kg) natija ko‘rsatgan eronlik Alireza Nosiriga nasib etdi.

Shuningdek, jahon chempionatida turkmanistonlik sportchilar Shabnam Kerimbayeva va Didarbek Jumabayev o‘smirlar o‘rtasida bir nechta jahon rekordlarini o‘rnatib, e’tiborni tortdilar.

16 yoshli Shabnam Kerimbayeva 57 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etib, dast ko‘tarishda 89 kilogramm, siltab ko‘tarishda esa 112 kilogramm natija qayd etdi. Ikki mashq yig‘indisi bo‘yicha 201 kilogramm natija ko‘rsatgan sportchi 13–17 yosh oralig‘idagi atletlar o‘rtasida jahon rekordlarini yangiladi. Shuningdek, siltab ko‘tarishdagi natijasi bilan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon rekordini takrorladi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, turkmanistonlik sportchi beshinchi o‘rinni egalladi.

18 yoshli Didarbek Jumabayev esa 75 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida bellashib, dast ko‘tarishda 152 kilogramm, siltab ko‘tarishda 188 kilogramm natija qayd etdi. Ikki mashq yig‘indisi bo‘yicha 340 kilogramm natija ko‘rsatgan sportchi o‘smirlar o‘rtasida yangi jahon rekordlarini o‘rnatdi. U musobaqaning umumiy natijalariga ko‘ra yettinchi o‘rinni egalladi.

Ninbo shahrida o‘tkazilayotgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati 8-noyabrga qadar davom etadi. Turkmaniston xalqaro musobaqada jami 10 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.