Turkiyaning Kutahya viloyatidagi Seyitomer arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishma ishlari davomida taxminan 5 ming yillik tarixga ega bo‘lgan sakkizta non bo‘lagi topildi. Ma’lum qilinishicha, qadimda yuz bergan yong‘in oqibatida kuygan ushbu tarixiy topilmalar shu kungacha saqlanib qolgan. Bu haqda «Anadolu» agentligiga tayanib, «RG.ru» nashri xabar berdi.

Arxeolog Sevgi Gurdal rahbarligida olib borilgan qazishmalar davomida non bo‘laklaridan tashqari, qadimiy pech va devorlardan biriga o‘rnatilgan tokchalarning qoldiqlari ham topildi. Shuningdek, bu yerdan bug‘doy va yasmiq qoldiqlari aniqlandi.

Sevgi Gurdalning ta’kidlashicha, topilmalar bronza davrining ilk bosqichi birinchi choragiga tegishlidir. Ushbu topilmalar o‘sha davrda yashagan odamlarning oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va kundalik turmushda ulardan foydalanish xususiyatlarini o‘rganish imkonini beradi.

Tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan topilmalar hozirda Kutahya muzeyiga joylashtirilgan. Ular muzeyga tashrif buyuruvchi ko‘plab mehmonlar hamda tarixga qiziquvchi insonlarning e’tiborini tortmoqda.