
Kutlimurat ABAYEV, “Lebapwelaýatagyzsuw” birlashmasi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti raisi: Viloyatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, suv va kanalizatsiya tizimlarining uzluksiz ishlashini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. “Lebapwelaýatagyzsuw” birlashmasi tomonidan joriy yil boshidan buyon 405 metr suv quvurlari va 355 metr kanalizatsiya tizimida tozalash-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, aholining turmush sharoitini yaxshilashga salmoqli hissa qo‘shildi.
Hozirgi vaqtda viloyatimiz bo‘yicha ichimlik suvi quvurlarining umumiy uzunligi 2538 kilometrga, kanalizatsiya tiziminiki esa 567 kilometrdan ziyodga yetdi. Shuningdek, o‘tgan yili Davlatli tumanida bir kecha-kunduzdagi quvvati 5 ming kub metr bo‘lgan oqova suvlarni tozalash inshooti hamda Chorjo‘y tumanining Xojaili kengashligidan Turkmanobod shahrining Ozodlik shaharchasigacha tortilgan ichimlik suvi quvuri orqali zamonaviy infratuzilmani kengaytirish borasida muhim qadamlar tashlandi. Bu ishlar aholining turmush darajasini oshirishga, shahar va qishloq joylarida xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirishga imkon beradi.
Birlashmamizda aholini ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash borasida doimiy g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Davlat darajasidagi bu sa’y-harakatlar viloyatimizda ham suv ta’minoti tizimini rivojlantirishga katta turtki beradi.
Bu borada birlashmamiz xodimlarining fidokorona mehnati alohida e’tirofga loyiq. Uskuna operatori Nasiba Bazarova, ta’mirlovchi Artyk Achylov, buxgalter Zamira Hojakova, nazoratchi Enejan Bazarova kabi namunali xodimlar kundalik ishlarning yuqori sifatli bajarilishiga, suv ta’minoti tizimlarining me’yorida ishlashiga katta hissa qo‘shmoqdalar. Hamkasblarimizning erishayotgan mehnat muvaffaqiyatlari xalqimizga xizmat qilayotganidan faxrimiz cheksizdir.
Yeri kelganda aytish joizki, so‘nggi yillarda aholiga xizmat ko‘rsatishning zamonaviy turlari ham muvaffaqiyatli joriy etilmoqda. Xususan, ichimlik suvi uchun to‘lovlarni raqamli tizim orqali amalga oshirish imkoniyatining yaratilishi fuqarolar uchun katta qulaylik bo‘ldi. Hozirgi vaqtda ixtisoslashtirilgan mobil ilovalar orqali aholi ichimlik suvi to‘lovlarini turgan joyidan, uzluksiz va tez fursatda to‘lashi mumkin. Bu esa xizmatlar qulayligini oshirib, turmush sharoitini takomillashtirishga yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Kelgusida ham birlashmamiz tomonidan suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, ta’mirlash-tozalash ishlarini kengaytirish, raqamli xizmatlar ko‘lamini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi. Bu esa muhtaram Prezidentimiz tomonidan oldimizga qo‘yilgan muhim vazifalarga muvofiq aholining turmush darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgandir.
Keywords