Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston–Hindiston (TAPI) transmilliy gaz quvurining Afg‘onistondagi qismida qurilish ishlari yangi bosqichga o‘tdi. Hozirgi vaqtga qadar ushbu yo‘nalish bo‘yicha jami 116 kilometr quvur yotqizildi. Shularning 38 kilometri allaqachon yer ostiga joylashtirildi.
Afg‘onistonning iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh vaziri o‘rinbosari idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, gaz quvurining yana-da 135 kilometrlik qismida quvur yotqizish uchun zarur tayyorgarlik ishlari to‘liq yakunlandi. Bu yerlarda o‘nqir-cho‘nqirlar tozalandi va tegishli muhandislik tayyorgarliklari amalga oshirildi.
Tasdiqlangan rejaga muvofiq, gaz quvurining Afg‘onistonning Hirot shahrigacha bo‘lgan qismining asosiy qurilish ishlarini 2026-yilning oxirigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, Hirot shahrining ichki gaz taqsimot tizimini yaratish bo‘yicha dala qidiruvlari va loyiha ishlarining boshlanishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Turkman tabiiy gazining Hirotga yetkazilishi shahar sanoat va iqtisodiy taraqqiyotiga yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
Loyiha amalga oshirilgandan so‘ng, Hirotdagi yuzlab ishlab chiqarish korxonalarining tabiiy gaz bilan ta’minlanishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi mumkin. Shuningdek, turkman gazi mahalliy issiqlik elektr stansiyalarida foydalaniladi.
Bu esa Afg‘onistonning elektr energiyasini xorijiy davlatlardan import qilishga bo‘lgan qaramligini kamaytirishga va mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
TAPI loyihasi Turkmanistonning tabiiy gazini Afg‘oniston orqali Pokiston va Hindistonga yetkazishni maqsad qilgan yirik mintaqaviy energetika loyihalaridan biridir.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.