
Hozirgi vaqtga qadar Turkmaniston — Afg‘oniston — Pokiston — Hindiston (TAPI) gaz quvurining 214 kilometrlik Turkmaniston qismi qurilishi yakunlandi. 2026-yilda gaz quvurining muhim qismi — Afg‘oniston hududidagi 153 kilometrlik Serhetabat — Hirot yo‘nalishida ishlar jadal sur’atlarda davom etmoqda. Bu haqda “Nebit-gaz” gazetasi xabar berdi.
Loyihani amalga oshirish uchun mustahkam moddiy-texnik baza yaratilgan bo‘lib, bu Afg‘onistonning murakkab tog‘li va chekka hududlarida ham qurilishni davom ettirish imkonini beradi. Barcha 153 kilometr masofada geodeziya ishlari yakunlandi, 100 kilometrdan ortiq qismi esa pudratchi tashkilotlarga topshirildi.
Ishlar xalqaro standartlar asosida olib borilmoqda. Zarur loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, uskunalar va materiallar yetkazib berish bo‘yicha xalqaro shartnomalar imzolandi. Diametri 1400 mm bo‘lgan sharli kranlar keltirildi, diametri 1422 mm bo‘lgan quvurlar yetkazib berilishi davom etmoqda.
Ish sur’atlarini oshirish maqsadida 12 va 86-kilometrlarda vaqtinchalik yashash shaharchalari qurildi. Qurilishga “Türkmengaz” davlat konsernining 217 nafar mutaxassisi jalb etilgan bo‘lib, 14 ta payvandlash-montaj guruhi tashkil etildi. Qurilish maydonchalarida 253 ta zamonaviy texnika, jumladan, “Zoomlion” buldozerlari va “Komatsu” ekskavatorlari ishlatilmoqda.
Kutilishicha, Afg‘oniston gaz tranziti hisobidan har yili 1 milliard AQSh dollaridan ortiq daromad oladi, bu esa qo‘shni davlatda infratuzilmani rivojlantirish va ish o‘rinlari yaratish uchun muhim shart bo‘ladi.
Keywords