Turkiyaning Tokat viloyatida qariyb besh ming nafar aholi bir xil alomatlar tufayli tibbiy yordam so‘rab murojaat qildi. Bu haqda «rg.ru» viloyat gubernatorining ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, 9-oktabrdan boshlab aholi ko‘ngil aynishi, qusish, qorin og‘rig‘i va ich ketishi kabi alomatlar bilan tibbiyot muassasalariga ommaviy ravishda murojaat qila boshlagan.
Hozirga qadar taxminan 70 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Ularning 40 nafari zarur tibbiy yordam olganidan so‘ng uyiga chiqarilgan, qolgan 30 nafar bemorning davolanishi davom etmoqda. Viloyat gubernatorining aytishicha, shifoxonaga yotqizilgan bemorlarning hayotiga xavf yo‘q.
Vaziyat sababini aniqlash uchun mahalliy hokimiyat organlari ichimlik suvi namunalarini Anqarada tekshirish maqsadida Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligiga yubordi. Ayni paytda tekshiruv natijalari kutilmoqda.
Shuningdek, hududda, jumladan, maktablarda ham sanitariya-gigiyena tadbirlari o‘tkazilmoqda. Viloyat rahbari hozircha aholining vahimaga tushishi uchun asos yo‘qligini ta’kidladi.
Kasallikning aniq sababi va uning tarqalish manbasi haqida rasmiy tekshiruv natijalari e’lon qilinganidan keyin qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.