Belarus Respublikasi Davlat standartlashtirish qo‘mitasi 27-noyabrdan boshlab Rossiyada ishlab chiqarilgan «Sasha» nomli odekolon savdosini taqiqladi. Ushbu qaror mahsulot Bojxona ittifoqining texnik reglamentlari talablariga javob bermagani sababli qabul qilindi. Tegishli ma’lumot xavfli mahsulotlar ro‘yxatiga kiritildi.

Hujjatda odekolon tarkibiga oid xavfsizlik talablariga rioya qilinmagani hamda mahsulot «Parfyumeriya-kosmetika mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida»gi TR TS 009/2011 texnik reglamentiga muvofiq emasligi qayd etilgan.

Mineralniye Vodi shahrida joylashgan «ABAR» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot tarkibida butilfenilmetilpropional moddasi aniqlangan. «Lilial» nomi bilan ham tanilgan ushbu kimyoviy birikmani parfyumeriya va kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llash taqiqlangan.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, Lilial ma’lum darajadagi ta’sir sharoitida kanserogen, mutagen va reproduktiv tizimga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan modda sifatida tasniflanadi. Yevropa Ittifoqida ushbu moddani kosmetika mahsulotlarida qo‘llash 2022-yildan buyon taqiqlangan. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlarida esa 2023-yildan boshlab yangi ishlab chiqariladigan mahsulotlarda undan foydalanishga ruxsat berilmaydi.