Yagshygeldi Kakaev nomidagi Xalqaro neft va gaz universitetida «PETRONAS Carigali (Turkmenistan) Sdn Bhd» kompaniyasi hamda «PETRONAS» kompaniyasining Texnologiya universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda neft-gaz sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida universitet rektori mehmonlarga oliy o‘quv yurtining fakultetlari, kafedralari, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari, shuningdek, o‘quv hamda ilmiy sohalarda qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, hozirgi davrda fan-ta’lim tizimini zamon talablariga mos sekda takomillashtirish, yoshlarning zamonaviy ta’lim olishini ta’minlash va dunyoning ilg‘or tajribasini o‘quv jarayoniga joriy etish muhim vazifalardan biridir. Shu munosabat bilan Yagshygeldi Kakaev nomidagi Xalqaro neft va gaz universitetining xorijiy davlatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari va yirik kompaniyalari bilan hamkorligi izchil rivojlantirib kelinmoqda.
Uchrashuvda turkmanistonlik talaba va o‘qituvchilar uchun neft-gaz sohasida qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy jihozlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan onlayn darslar haqida ham so‘z bordi. Shuningdek, universitet talabalari Malayziyadagi «PETRONAS» kompaniyasining Texnologiya universitetida yozgi ishlab chiqarish amaliyotlarida qatnashayotgani qayd etildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asosi ham izchil mustahkamlanib borayotganligi ta’kidlandi. 2024-yilning 13-noyabrida Yagshygeldi Kakaev nomidagi Xalqaro neft va gaz universiteti, «Petronas Carigali (Turkmenistan) Sdn Bhd» kompaniyasi hamda «PETRONAS» kompaniyasining Texnologiya universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida Memorandum imzolangan edi. Ushbu hujjat tomonlarning fan-ta’lim sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorligini davom ettirish uchun muhim asoslardan biriga aylandi.
Uchrashuvda «PETRONAS» kompaniyasining Ta’lim va inson kapitaliga investitsiyalar bo‘yicha bosh direktori Akmal Niza Ahmad Malayziya va Osiyoda muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan «PETRONAS» kompaniyasining Texnologiya universiteti bilan turkman oliy o‘quv yurti o‘rtasidagi hamkorlikka yuqori baho berdi.
U ilmiy-tadqiqot ishlarini birgalikda rivojlantirish, umumiy ilmiy mavzular bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish va tayyorlangan maqolalarni xalqaro indekslanadigan ilmiy jurnallarda chop etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Shuningdek, neft-gaz, geologiya, kimyo texnologiyasi va raqamli tizim yo‘nalishlari bo‘yicha Malayziyaning «PETRONAS» kompaniyasi Texnologiya universiteti professorlarining ishtirokida onlayn hamda yuzma-yuz darslar davom ettirilishi ma’lum qilindi.
O‘tkazilgan uchrashuv turkman-malayziya fan-ta’lim aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish, yosh mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish va neft-gaz sohasida ilmiy-texnologik hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatdi. Bunday hamkorlikning davom ettirilishi ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida tajriba almashish va xalqaro darajadagi qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishni rivojlantirishga xizmat qiladi.







Izohlar
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling.